Navoiyda “Yashil makon” loyihasiga masʼul 53 shaxs jarimaga tortildi
Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan daraxt va buta koʻchatlarining holati yuzasidan oʻrganish oʻtkazilyapti. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi maʼlum qildi.
Oʻtkazilgan oʻrganishda hududlarda 2023-yil kuzi va 2024-yil bahor mavsumi davomida ekilgan daraxt koʻchatlari parvarishiga eʼtibor qilinmagani, sugʻorilmagani va agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmagani aniqlangan. Shu sabablar bilan Uchquduq tumanida 10 nafar, Konimex tumanida 7 nafar, Navbahor tumanida 6 nafar, Karmana tumanida 5 nafar, Qiziltepa tumanida 5 nafar, Tomdi tumanida 5 nafar, Xatirchi tumanida 5 nafar, Zarafshon shahrida 4 nafar, Nurota tumanida 3 nafar, Navoiy shahrida 2 nafar, Gʻozgʻon shahrida 1 nafar masʼul shaxsga jarima belgilangan.
Holat yuzasidan jami 53 nafar masʼul shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 3-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, umumiy hisobda 180 mln 200 ming soʻm jarima qoʻllangan.
Vazirlikning maʼlum qilishicha, respublikaning qolgan viloyatlarida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan koʻchatlar parvarishi yuzasidan oʻrganish ishlari davom etyapti.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring