Navoiyda “mahalla yettiligi” uchun oʻquv seminar boshlandi
Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida mahalladagi beshlik “mahalla yettiligi”ga aylantirilib, ehtiyojmand aholini roʻyxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar, tuman va viloyat idoralariga chiqmasdan, mahallaning oʻzida jamoaviy hal qilinishi, shuningdek, Bandlik, Tadbirkorlik va Kasanachilik jamgʻarmalari mablagʻlarini har bir mahallaga taqsimlab berish amaliyoti ham joriy etilmoqda.
Tabiiyki, mazkur yangilanishlar “mahalla yettiligi”dan odamlar bilan ishlashda hayotiy tajriba bilan birga, bilim va koʻnikma ham talab etadi. Shu maqsadda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Navoiy viloyati filiali tomonidan viloyat mahallalar boshqarmasi hamkorligida “Mahalla yettiligi” uchun oʻquv-seminarlariga start berildi.
— Maqsad “yettilik tizimi”ning muhim ahamiyati, mazkur faoliyatni tashkil etish mexanizmlari, yangi tizim samarasida aholi uchun yaratiladigan imkoniyatlar borasida bilim va koʻnikmalar berish hamda har bir masʼulning mahalladagi oʻrni, asosiy vazifa va majburiyatlarini tushuntirishga qaratilgan, — deydi viloyat mahallalar boshqarmasi boshligʻi Gʻofir Aliyev. — Shu bilan birga, “Mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida atroflicha maʼlumotlar berishdan iborat. Shuningdek, oʻquv davomida mahalla faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar olib boriladi.

Oʻquv-seminarning dastlabki bosqichida Navoiy shahridagi 18 ta mahallaning yettiliklari qamrab olindi. Uning dasturidan yettilik faoliyatini tashkil qilish bilan bogʻliq masalalar, jumladan, mahalla raislari faoliyati, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar ishlari, oila va xotin-qizlar, ichki ishlar, ijtimoiy himoya, soliq, maʼnaviyat va maʼrifat, adliya yoʻnalishlarida har bir masʼulning vakolat, huquq va majburiyatlari mavzulari oʻrin olgan.
Ushbu oʻquvlar tasdiqlangan reja-jadvalga asosan, joriy yilning 19-fevraliga qadar davom etadi hamda seminar yakunida ishtirokchilarning sohalar boʻyicha oʻzlashtirganlik darajalari test sinovlari orqali aniqlanadi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring