Navoiyda fermer xoʻjaligi 436,3 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi
Foto: Xalq soʻzi
Iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan viloyat shtabi tomonidan ayni kunlarda hududlarda isteʼmolchilarning elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishlarining oldini olishga qaratilgan reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlar davomida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy hududiy filiali, Navoiy viloyati DXX va viloyat IIBlari, “Oʻzenergiyainspeksiya” Navoiy hududiy boʻlimi hamda boshqa vakolatli tashkilotlar vakillari hamkorligida Qiziltepa tumanida oʻtkazilgan navbatdagi tungi reyd tadbirida tumanning “Yashnaobod” mahallasi hududida joylashgan “Xayrullo-Narzullo” fermer xoʻjaligiga tegishli dala shiyponida elektr hisoblagichdan tashqari, oʻzboshimchalik bilan 47 dona mayning qurilmalari, sovitish va yoritkich moslamalari hamda boshqa elektr qurilmalarini toʻgʻridan-toʻgʻri elektr tarmogʻiga ulangan holda, noqonuniy foydalanib kelinayotganligi aniqlandi.
Ushbu holat boʻyicha belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, “Xayrullo-Narzullo” fermer xoʻjaligi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy hududiy filiali manfaatiga 436,3 mln. soʻm moliyaviy zarar yetkazilganligi aniqlandi. Shunga koʻra tegishli qarorlarga asosan elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan mayning firmalariga nisbatan 5 barobar oʻsuvchi koeffitsiyent qoʻllanib, 2,2 mlrd. soʻm mablagʻ undirish boʻyicha belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi. Shuningdek, huquqbuzarga nisbatan 5 barobar oʻsuvchi koeffitsiyent bilan jarima tariqasida 1,8 млрд.сўм qoʻshimcha hisob-kitob taqdim qilindi.
Mazkur huquqbuzarlik boʻyicha jazo muqarrarligini taʼminlash maqsadida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan oʻrganishlar olib borilmoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring