Navoiyda deputatlar ayrim hokim yordamchilari faoliyatini tanqid qildi

18:05 25 Yanvar 2023 Jamiyat
1808 0

Foto: Xalq so‘zi

Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining navbatdagi qirq oltinchi sessiyasida davlatimiz rahbarining “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi boʻyicha Respublika Prezidentining Navoiy viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Fayzulla Quvondiqov hisoboti tinglandi.

Hisobotda taʼkidlanishicha, MFYlarda ish boshlagan hokim yordamchilari qisqa vaqt ichida oʻz zimmalaridagi vazifaga masʼuliyat bilan yondashib, aholi va hokimning hududdagi chinakam yordamchisiga aylanishmoqda.

— Biroq ayrim mahallalardagi hokim yordamchilari masʼuliyatni his etmagani aholining haqli eʼtirozi va takroriy murojaatlar oshishiga olib kelmoqda, — dedi maʼruzachi F. Quvondiqov. — Xususan, Karmana tumanidagi “Xoncharbogʻ” MFYda yashovchi ishsiz fuqaro Surʼat Umrzoqov imtiyozli kredit asosida mototsikl olish borasida ikki bor murojaat qilishiga qaramasdan, murojaati qanoatlantirilmagan. Shuningdek, Qiziltepa tumanidagi “Uzilishkent” MFY hokim yordamchisi A. Bobomurodov ishsiz fuqaro Shahzod Nurillayevning motokultivator olish uchun kredit masalasidagi murojaatiga oʻtgan yilning oktyabr oyidan buyon hech qanday amaliy yordam koʻrsatmay kelgan.

Sessiyada oʻz ishiga sovuqqonlik bilan qarayotgan mutasaddilar faoliyatidan oʻnlab misollar deputatlar eʼtiboriga havola etildi. Xususan, Navbahor tumanining “Mehnat” MFYda yashovchi G.Shodiyeva 2022-yil 20-noyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga murojaat qilib, «yolgʻiz ayolligi, egizak farzandlarni tarbiyalayotganligi, turmush sharoiti ogʻirligi sababli subsidiyaga tikuv mashinasi soʻrab, MFYga murojaat qilganligini, ammo natija boʻlmagani uchun amaliy yordam soʻrayotganligini» bayon etgan. Haqiqatan ham, bu ayolning murojaati hokim yordamchisi tomonidan rad etilib, uni koʻrib chiqish muddati asossiz ravishda uzaytirilgan. Navbahor tuman Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi esa unga tushunarsiz va yuzaki javob xati berish bilan kifoyalangan.

— Bu kabi holatlarni Uchquduq tumanida ham kuzatish mumkin, — deydi F. Quvondiqov. — Misol uchun, tumanning “Yoʻlchilar” OFY Yuksalish koʻchasi 23-uyda yashovchi Muattar Nasvaliyevaning kuyoviga sartaroshlik faoliyati uchun subsidiya soʻrab qilgan murojaatiga javoban tuman Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi tomonidan 45 kun oʻtib, tushuntirish berish bilan chegaralanilgan.

Sessiyada muhokamadagi masala boʻyicha joylarda qoʻshib yozish holatlari ham qayd etilayotgani ochiqlandi. Xususan, Xatirchi tumanidagi Qoʻrgʻoncha va Fidokor mahallalarida hokim yordamchilarining “yoʻl xaritasi”da belgilangan ish bilan taʼminlash borasidagi vazifalari faqat qogʻozda bajarilgan, xolos. Xuddi shunday, tumanning «Boʻgʻirdoq», “Bunyodkor”, «Quchchi», “Novja”, “Paxtakor”, “Xuddon”, «Xoʻjaqulobod» MFYlarda hokim yordamchilari faoliyatidan aholi norozi.

Sessiyada deputatlar viloyatda oʻtgan yili tashkil etilgan 120 ming ish oʻrnini soliq idoralaridagi hisobotlar bilan solishtirish orqali aniqlik kiritish taklifini maʼqulladilar.

Shuningdek, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bogʻliq bir qator masalalar koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер