Navoiyda 15 nafar bola “Gʻamxoʻrlik” guruhlariga jalb etildi

15:48 19 Sentyabr 2024 Jamiyat
520 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Bolalikning orzu osmonlari keng. Qaysi biri oʻz tengqurlaridan ortda qolishni istaydi, deysiz! Afsuski, taqdir ularning ayrimlarini murgʻakligidanoq oʻz sinovlari girdobiga tortib, imkoniyatlarini bir qadar chegaralab qoʻyadi. Biroq istaklarini emas.

Respublika Vazirlar Mahkamasining joriy yil 25-yanvardagi “Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning taʼlim olishlarini tashkil etish va ularni reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori aynan shunday bolalarning istaklari roʻyobiga qaratilgan. Unga koʻra, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari, maktab, maktab-internatlarda qisqa muddatli taʼlim va tarbiya berishga moʻljallangan “Gʻamxoʻrlik” guruhlari tashkil etilmoqda.

Navoiy shahridagi 16-sonli koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan qisqa muddatli “Gʻamxoʻrlik” guruhlari shular jumlasidan boʻlib, unda sogʻligʻida ogʻir darajadagi nuqsoni bor bolalar alohida taʼlim oladi.

— Yolgʻizqoʻl onaman, — deydi tarbiyalanuvchi Ruxshonaning onasi. —Ochigʻi, qizimga bu yerdagidek taʼlim va tarbiya berishni oʻzim eplay olmayman. “Gʻamxoʻrlik” guruhining ochilgani judayam qulay boʻldi. Qizimni ertalab olib kelib qoʻyganimdan keyin, xavotirlanmay oʻz ishlarimni qilaman.

“Gʻamxoʻrlik” guruhi viloyatning Qiziltepa tumanidagi 36-sonli alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ham tashkil etildi. Mazkur guruhga 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan ixtisoslashtirilgan maxsus taʼlim muassasalariga qamrab olinmagan bolalar qabul qilingan. Ular malakali mutaxassislar tomonidan taʼlim-tarbiyaga jalb etilgan holda jamiyatga moslashishiga koʻmaklashilmoqda.

— Ushbu guruhlarning tashkil etilishi birinchi navbatda ota-onalarga “ijtimoiy hordiq” imkoniyatini yaratmoqda, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi matbuot kotibi Temur Baybikov. — Shuningdek, bu ularga xotirjamlikni, yaʼni farzandlarining taʼlim va tarbiya olishga boʻlgan ehtiyojining qanoatlantirish uchun tashvishlardan bir qadar xalos boʻlishini taʼminlaydi. Yaʼni, bola oʻz tengdoshlari davrasida yoshi, imkoniyatlari, qobiliyati va ehtiyojlariga qarab oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish koʻnikmalariga ega boʻladi. Jamoaga birlashib, muloqot kabi hayotiy koʻnikmalari rivojlanadi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, bugun viloyat boʻyicha “Gʻamxoʻrlik” guruhlariga 15 nafar bola jalb etilgan boʻlib, ularning taʼlim va tarbiya olishdagi huquqlari toʻla taʼminlanmoqda. Zotan, huquqiy demokratik jamiyatning bosh tamoyili ham inson manfaatlarining himoyasidadir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер