Navoiy viloyati hokimi yopiq eshik ortida sobiq “afgʻonchi”lar bilan nimalar haqida gaplashdi?

17:03 13 Fevral 2020 Jamiyat
1663 0

Bugun Navoiy viloyati hokimi K. Tursunov qoʻshni Afgʻonistonda oʻz harbiy burchini oʻtab, viloyatning turli hududlarida istiqomat qilayotgan sobiq “afgʻonchi”lar bilan uchrashdi.

15-fevral — Qoʻshinlarning Afgʻon tuprogʻidan oʻz yurtlariga qaytarilgan kuni-Veteran JANGCHILAR kuni sifatida nishonlanadi. Uzoq yillardan buyon hokimiyat tomonidan onda-sondagina yoʻqlanadigan boʻlib qolgan “afgʻonchi”lar buni avvaliga Afgʻonistondan sobiq shoʻro qoʻshinlari olib chiqilishiga bagʻishlangan navbatdagi tadbirdir, deb oʻylashgan edi.

Uchrashuvda dastlab ishtirokchilar ushbu ayyom bilan qutlanib, oʻsha kuni yana bir bor kengaytirilgan tarkibda nishonlashga kelishib olindi. Bevosita bugungi tadbirga kelsak, unda joriy yilning 10-yanvar kuni mamlakatimiz Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan majlisida belgilagan dolzarb vazifalar ijrosi muhokama etildi. Kengaytirilgan yigʻilishda Yurtboshimiz mamlakat mudofaa salohiyatini oshirish bilan birga, aholi, ayniqsa yoshlarda yuksak vatanparvarlik, millatparvarlik tuygʻularini oshirish, ularda mardlik va jasoratni tarbiyalash orqali turli yot gʻoyalar taʼsiridan saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga eʼtibor qaratib, mazkur yoʻnalishdagi jiddiy kamchiliklarga batafsil toʻxtalib oʻtgan edi.

Shuningdek, kengaytirilgan majlisda mamlakatimiz rahbari tomonidan Navoiy viloyatida aholi va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda qatʼiy fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish borasida oʻziga xos “Navoiy viloyati tajribasi”ga oid yangi tizimni joriy etish, ushbu tizim orqali viloyatdagi barcha davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, harbiy qism va muassasalarning aholi va yoshlar bilan olib borayotgan taʼlim-tarbiyaviy ishlari samaradorligini oshirish borasida vazifalarni belgilab bergan edi.

Mazkur vazifa ijrosi yuzasidan yigʻilish bayoni asosida Navoiy viloyatida aholi va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish tizimini joriy etish borasida kompleks chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlangan. Dastur 6 boʻlim, 93 banddan iborat boʻlib, viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga aniq muddatlari koʻrsatilgan muhim vazifalar belgilangan.

- Bugungi global tahdidlar zamonasida yoshlarda vatanparvarlik hissini kamol toptirish, har bir oʻgʻil-qiz qalbiga Vatanga sadoqat, Vatan va millat shaʼnini harbiy intizom darajasida himoya qilish, asrlar osha kamolga yetgan umummilliy qadriyatlarimizni “ommaviy madaniyat” koʻrinishidagi turli illatlardan asrash, xalqimiz mentalitetiga yot tushunchalarga qarshi immunitetni mustahkamlash borasida bizga namuna avlod, hayotiy tajribaga ega, oʻz iroda va matonatini toblagan kishilar koʻmagi zarur, — dedi uchrashuvda viloyat hokimi. — Yoshlar tarbiyasining tashvishli koʻrinishlariga aniq misollar keltirishim mumkin. (Eshikni yopib yuboringlar, iltimos!). . .

Bu misollarga maymunlar yigʻlaydi. Mutaxassislar maymunlar yigʻlamasligini isbotlashgan. Shuning uchun ham maymunlar yigʻlaydi, degan ilmoqli iborani aql bovar qilmas tashvishli hollarda koʻp ishlatamiz.

Uchrashuvda yoshlar tarbiyasi, taʼlimi va dunyoqarashini shakllantirishda soʻnggi paytlarda “ortda qolayotganlar”ga qaraganda iqtidorlilar bilan ishlashning oson yoʻliga oʻtib borilayotgani, vaholanki aynan shu yoʻnalish butun jamiyatni bezovta qilishi lozimligiga eʼtibor qaratildi. Har qanday tadbir, marosim va tantanalarga bir xil, navbatchi chehralarni jalb etish tendensiyasidan voz kechish, har bir taʼlim dargohi, mahalla va korxonalarda ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolganlar bilan ishlash tizimini yoʻlga qoʻyish lozimligi taʼkidlandi.

Shundan soʻng viloyat hokimi tomonidan viloyat “Veteran jangchilar” Kengashi faoliyatini yoʻlga qoʻyish xususidagi tashabbus oʻrtaga tashlanib, uning tashkiliy va faoliyat yuritish jihatlari, vazifa va maqomlari yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. Tashabbus toʻliq qoʻllab-quvvatlanib, viloyat hokimligi huzurida jamoatchilik asosida viloyat “Veteran jangchilar” Kengashini tuzishga qaror qilindi.

- Ushbu uchrashuvda “ommaviy madaniyat”ning oqibatlarini aniq misollarda eshitib, toʻgʻrisi bu ofatga qarshi barcha kuchlarni birlashtirish lozimligini angladim, — deydi zaxiradagi polkovnik Barot Toʻxtayev. – Bu illatdan darvozani yopish bilan himoyalanib boʻlmaydi. Faqat kuchli iroda va jamoatchilikning barcha qatlamini safarbar etish bilan qarshi turish mumkin.

Uchrashuvda viloyat “Veteran jangchilar” sobiq afgʻon jangchilaridan iborat jamoaning faoliyat koʻlami, ularga uslubiy yordam koʻrsatishning mutasaddilari, samaradorlikni aniqlashning mezon va ragʻbatlari belgilandi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер