Namanganlik yosh dasturchilar 15 milliard soʻmlik mahsulot yaratishdi
Foto: Qudratilla Najmiddinov / Xalq so'zi
Hayotimizdan tobora chuqur oʻrin olayotgan axborot texnologiyalariga yoshlarimiz oʻrtasida qiziqish oshib borayotgani quvonarli, albatta. Buni ularning zamonaviy texnologiyalarni puxta egallab, istiqbolli dasturlar yaratayotganida ham koʻrish mumkin. Namangan viloyati Pop tumanida tashkil etilgan IT forumida yigirmaga yaqin dastur yaratgan 67-maktabning 9-sinf oʻquvchisi Faxriyor Allayorovning erishayotgan natijalari barchani lol qoldirdi. Yana bir ishtirokchi - Kozimjon Karimov esa 6-sinfda oʻqiydi. Shunga qaramay, izlanuvchan oʻsmir animatsion filmlar uchun dastur yaratish qobiliyatini namoyish qilishga ulgurdi.
Namangan viloyat hokimligi AKTni rivojlantirish markazi direktori Baxtiyor Oxunboboyevning aytishicha, shahar va tumanlarda hozirga qadar 5 ming 600 nafar oʻquvchi-yoshlar IT boʻyicha taʼlim olishi uchun imkoniyatlar yaratib berildi. Natijalar chakki emas. Yigit-qizlar tomonidan yaratilgan 15 milliard soʻmlik dasturiy taʼminot mahsulotlarini sotishga erishildi. Bu – boshlanishi.
Forumda Namangan ilmiy-innovatsion salohiyatini koʻtarishga xizmat qiluvchi muhim qarorlar qabul qilindi, shartnomalar imzolandi, tajriba almashildi. Unda Respublika IT Park operativ boshqaruvidagi 13 ta maxsus maktab vakillari – dasturchilar, IT-menejerlar, mustaqil frilanserlar ishtirok etdi.
Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring