Namangandagi tadbirkorning qariyb 1,5 mlrd. soʻm haqi undirib berildi
Illyustrativ surat
Margʻilondagi “Margʻilon boʻyoq tekstil” MCHJ Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi “NBU INVEST GROUP” MCHJ bilan mahsulot yetkazib berish va xizmat koʻrsatish bilan hamkorlik qilishni rejalashtirgandi.
Shu maqsadda “NBU INVEST GROUP” MCHJ hamkor korxonaga qariyb 1,5 mlrd. soʻmga yaqin pul mablagʻini oʻtkazib ham beradi. Biroq “Margʻilon boʻyoq tekstil” MCHJdan negadir sado chiqmadi. Oz emas, koʻp emas 1,5 mlrd. soʻmga yaqin pul mablagʻi ham suvga tushgan toshdek izsiz gʻoyib boʻldi.
“Margʻilon boʻyoq tekstil“ MCHJ roʻyxatdan oʻtgan hudud boʻyicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida mazkur ish koʻrib chiqilib, tabiiyki, 25.11.2019-yildagi 4-1001-1919/21702-sonli ijro varaqasiga asosan qarzdor “Margʻilon boʻyoq tekstil” MCHJdan undiruvchi “NBU INVEST GROUP” MCHJ foydasiga 1 mlrd. 488 mln. soʻm qarzdorlik undirish belgilandi.
Qarzdor “Margʻilon boʻyoq tekstil” MCHJ turli bahonalar bilan yuqori turuvchi sud organlariga murojaatlar qilib qarzni boʻynidan soqit qilishga urinib koʻrdi. Lekin biron-bir instansiya uning foydasiga qaror qabul qilmagach, sud ijro varaqasi Byuroning Margʻilon shahar boʻlimiga 12.03.2020-yilda kelib tushdi.
Qonun talabi boʻyicha dastlab qarzdorga 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan boʻlsa, sud qarorini ijrosini taʼminlamagach, uning bank hisob raqamlariga inkassa topshiriqnomalari qoʻyildi. Biroq shunda ham “Margʻilon boʻyoq tekstil” MCHJ qarzni toʻlashni negadir istamadi.
Oxirgi chora sifatida, joriy yilning may oyi boshlarida davlat ijrochilari qonun talabiga asosan qarzdor “Margʻilon boʻyoq tekstil” MCHJga tegishli ishlab chiqarish dastgohlari va bino-inshootlarini xatlashga kirishadi. Shundagina qarzdor toʻliq yengilganini his qilib, 11.05.2020-yilda sud hujjatida koʻrsatilgan 1 mlrd. 488 mln. soʻm mablagʻlarni Namanganlik tadbirkor “NBU INVEST GROUP” MCHJga toʻliq oʻtkazib berdi.
Shu bilan birgalikda qonun talabi boʻyicha Byuro foydasiga 29.7 mln. soʻm ijro yigʻimi ham undirib olindi. Qarzdor oʻzining noqonuniy harakatlari bilan koʻpchilik vaqtini olgani yetmaganidek, oʻziga ham ziyon yetkazdi, xolos.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring