Namangandagi 12 ta maktabda yangi oʻquv yili boshlandi
Bugun viloyatning shahar va tumanlaridagi 12 ta umumtaʼlim maktabi yangi oʻquv yiliga taxt holda oʻquvchilarga oʻz eshiklarini ochdi. Viloyat hokimi oʻrinbosari P. Matkarimov, xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi V. Rajapov, tumanlar hokim oʻrinbosarlari, sektor rahbarlari bilan birgalikda Namangan tumanidagi 32-, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 24-, Mingbuloq tumanidagi 21-umumtaʼlim maktablarida boʻlib, mazkur maʼrifat maskanlarining oʻquv jarayonlari qay darajada tayyorligi, umumtaʼlim muassasalari faoliyati qay tarzda yoʻlga qoʻyilayotgani, maktablar gigiyenik vositalar va ichimlik suvi bilan taʼminlanganligi bilan bogʻliq holatlar bilan tanishdilar.

Pedagog va oʻquvchilar bilan suhbat jarayonida ijtimoiy masofani saqlagan holda oʻquv binolariga kirish, xonalarni tez-tez shamollatish, tibbiy niqob hamda antiseptik vositalardan muntazam foydalanish va taʼlim jarayoniga oid dolzarb masalalarda batafsil fikr yuritildi.
Viloyatda 9-sentyabr kuni yana 16 ta, 11-sentyabr kuni esa 24 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi bosqichma-bosqich ochilishi koʻzda tutilgan. Yangi 2020/2021 oʻquv yili rasman joriy yilning 14-sentyabridan boshlanadi.
Maʼlumot uchun, joriy yil viloyatdagi umumtaʼlim muassasalariga 53104 nafar oʻgʻil-qiz 1-sinfga chiqishi rejalashtirilgan. Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnomada viloyatdagi 492587 ming nafar ota-onadan 80 foizi taʼlim jarayonini farzandlarining maktabga qatnagan holda, yaʼni anʼanaviy oʻqishiga istak bildirgan, 20 foiz ota-onalar esa taʼlimni masofaviy shaklda – onlayn darslar orqali davom ettirishni maʼqul koʻrishgan.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring