Namanganda uloq-koʻpkari boʻyicha respublika birinchiligiga start berildi (Fotoreportaj)
“Xalq soʻzi ONLINE”. Qudratilla Najmiddinov/Namangan. Namanganda xalqimizning sevimli oʻyinlaridan biri hisoblangan uloq-koʻpkari boʻyicha respublika birinchiligi musobaqalariga start berildi.
Markaziy otchoparda tashkil etilgan birinchilik bellashuvlariga mamlakatimiz viloyatlaridan 12 ta jamoa ishtirok etmoqda. Ular tarkibida 144 nafar chavandoz bor. Gʻoliblik uchun kurashning sharti yagona — uloqni belgilangan vaqt ichida doira shaklidagi somoni, yaʼni, marraga yetkazishdan iborat. Bellashuvlar uch bosqichda oʻtkazilib, mutlaq gʻolib hal qiluvchi kurashda aniqlanadi.
— Yaxshigina vaznga ega boʻlgan uloqni otga oʻngarib, belgilangan joyga yetkazish uchun kishi nafaqat kuchli, balki, epchil ham boʻlishi, boshqaruvidagi jonivorni oʻz harakatlariga moslashtira olishi lozim, — deydi qashqadaryolik mohir chavandoz Ilhom Chorshanbiyev. — Bugun maydonda ot surayotgan shogirdlarimning aksariyatida bu borada tajriba yetarli. Musobaqaga puxta hozirlik koʻrilgani, ishtirokchilarning gʻalaba uchun halol kurashayotganliklari, ayniqsa, barchani xursand qilmoqda.
Uch kun davom etadigan chempionat gʻoliblarini munosib sovrinlar kutmoqda. Xususan, shohsupaning yuqori pogʻonalarini zabt etgan jamoalar egallagan oʻrinlariga mos ravishda 30 million, 20 million va 10 million soʻm miqdoridagi mukofot bilan taqdirlanadilar. Bundan tashqari, mohir chavandozlarga zamonaviy maishiy texnika vositalaridan iborat qimmatbaho sovgʻalar topshiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring