Namanganda oʻtkazilgan sayyor qabul natijalari qanday boʻldi?
Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari masʼullari boshchiligida Namangan shahri, Uchqoʻrgʻon, Kosonsoy va Chust tumanlarida viloyat aholisi uchun cud-huquq masalalari boʻyicha sayyor qabullar tashkil etildi.
Tadbirda viloyat sud, prokuratura, ichki ishlar, soliq, adliya va bojxona boshqarma rahbarlari tomonidan aholi masalalari tinglanib, ularga yechim topish, qonun ustuvorligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrildi.
Xususan, kelib tushgan murojaatlar natijasida 24 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi, 16 nafar mahkumning jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari tayyorlanib, tegishliligi boʻyicha sudlarga taqdimnoma kiritildi.
Sayyor sud qarori bilan 3 nafar shaxs ishga tiklandi, ish haqi undirish yuzasidan 3 ta daʼvo arizasi qanoatlantirilib, 33 mln soʻm undirildi, 100 mln soʻm moddiy zarar toʻliq qoplab berildi.
Misol uchun Karimjon Ergashev Pop tumanidagi 37-sonli maktabda oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Oʻqituvchi oʻz lavozimidan asossiz ravishda boʻshatilganligini maʼlum qildi. Murojaatchi shu kunning oʻzida eski ish joyiga qaytadan tiklandi.
Bundan tashqari, 13 nafar shaxsni aliment undirish yuzasidan qilgan murojaatlari ijobiy hal etildi.
Ichki ishlar vazirligi boshqarmasi masʼullari tomonidan 2 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish yuzasidan qilgan murojaatlari qayta oʻrganib chiqishlik uchun Namangan viloyati Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga topshirildi.
Shu bilan birga fuqarolarga zarurat tufayli xorijga chiqish pasportlari muddatidan avval tayyorlab berilishi yoki yangi biometrik pasport, tugʻilganlik haqida guvohnomalar olib berilishi taʼminlandi.
Misol uchun uychilik Ikromjon Haydarov Rossiya Federatsiyasida tugʻilgan farzandiga tugʻilganlik guvohnomasini ololmayotganini maʼlum qildi. Uning murojaati masʼullar tomonidan koʻrib chiqilib, shu kunning oʻzida guvohnoma rasmiylashtirib berildi.
Soliq qoʻmitasi vakillariga “Maftuna Ziyonatxon” MCHJ hisobchisi Dilfuza Vahobova korxona qoʻshilgan qiymat soligʻidan toʻlangan ortiqcha 200 mln soʻm toʻlovni qaytarish boʻyicha murojaat qildi. Fuqaroning murojaati joyida hal etilib, ortiqcha toʻlangan mablagʻlar qaytarilishi taʼminlandi.
Shu bilan birga aholidan kelib tushgan murojaatlar asosida joylarda 3 km ichki koʻchalarga shagʻal yotqizildi, 1 ta yangi transformator oʻrnatildi.
Uch kun davom etgan qabullarda jami 505 nafar fuqaroning 509 ta masalasi koʻrib chiqildi. Sud-huquq masalalari boʻyicha 425 ta hamda ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha 85 ta masalalar kelib tushdi.
Murojaatlarning 208 tasi, yaʼni 40% joyida hal etilgan boʻlsa, 97 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat berildi, 204 ta murojaatni qoʻshimcha oʻrganish uchun vaqt talab etilganligi sababli koʻrib chiqilishi nazoratga olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring