Namanganda maktab oʻquvchisi oyiga 30 million soʻm mablagʻ topmoqda

12:36 22 Noyabr 2024 Jamiyat
456 0

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Muhammadzohir Isaxonov Namangan shahridagi 1-umumtaʼlim maktabining 9-sinfida tahsil oladi. Oʻqishlari aʼlo, sinf sardori. U darsdan boʻsh vaqtini tadbirkorlikka yoʻnaltirib, roʻzgʻor yuritishda oilasiga moliyaviy koʻmak bermoqda. Joriy yil yozida xonadonida moʻjaz ferma tashkil qilib, 7 ming bosh bedana parvarishi bilan shugʻullana boshlagan edi. Ishi yurishib kuniga 6 500 dona tuxum olyapti.

— Avval boshda oʻgʻlimning biznes rejasiga uncha ishonmagandim, — deydi yosh tadbirkorning otasi Sultonxon Mehmonov. — Shunday boʻlsada unga boshlangʻich sarmoya uchun 10 ming dollar mablagʻ berdim. Niyati qatʼiy ekan, gapining ustidan chiqdi. Bedanalar boquvida oila aʼzolarimiz, qoʻshnilar yaqindan yordam berishyapti.

Xonadon fermasida yetishtirilgan tuxumni sotish tizimli asosda yoʻlga qoʻyilgan. Har kuni maxsus avtomashina orqali savdo tarmoqlariga yuboriladi. Hozirgi kunda yosh tadbirkor uchta ishchi oʻrni yaratishga erishgan boʻlib, kunlik daromadi qariyb ikki million, oylik sof foydasi esa 30 million soʻmga yetmoqda. Muhammadzohir yaqin oylarda fermasini kengaytirishni hamda ishchilar sonini 20 nafarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Orzusi maktabni aʼlo baholar bilan tugallash, oliy maʼlumot olgandan soʻng kichik fermasini parranda tuxumi, goʻshti yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan yirik kompaniyaga aylantirish.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер