Namanganda mahkumning jazosini yengillashtirib berishini aytgan mansabdor ushlandi
Respublika hududlarida korrupsiyaga oid bir qator noqonuniy holatlar aniqlanib, ushbu jinoyatga qoʻl urgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi sud tizimidagi tanishlari orqali joriy yilning yanvar oyida 8-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumning ishini sudda qayta koʻrib chiqish va ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoni tayinlash evaziga 30 ming dollari talab qilgan.
DXXning Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IJQK Departamenti xodimlarini jalb qilgan holda oʻtkazilgan tezkor tadbirda bosh mutaxassis oldindan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Taʼkidlanishicha, mazkur mutaxassis firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun muqaddam bir necha marotaba sudlangan.
Namangan viloyatida oʻtkazilgan yana bir tezkor tadbirda, mol-mulklarni baholash faoliyati bilan shugʻullanuvchi MCHJ rahbari soliq organlaridagi mansabdor tanishlari orqali tadbirkorga tegishli boʻlgan MCHJning 783 mln soʻmlik soliq qarzdorligini 141 mln soʻmgacha kamaytirib berish evaziga 4,4 ming dollar olgan vaqtida jinoyat ustida qoʻlga olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mansabdor tanishi hisoblangan Namangan viloyati soliq boshqarmasi shoʻba boshligʻi ham 4,4 ming dollarni pora sifatida olgan vaqtida qoʻlga olingan.
Poytaxtda qayd etilgan holatda, Mirobod tuman hokimligi Ijtimoiy moslashtirish markazi rahbari oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroligi boʻlmagan shaxsga fuqarolik pasportini rasmiylashtirish hamda doimiy roʻyxatga qoʻydirib berish evaziga 1,2 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan qonunbuzilish holatida, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar boʻlimi davlat ijrochisi oʻz ish yurituvida boʻlgan, javobgar fuqaroning qariyb 70 mln soʻmlik qarzdorligini undirish uchun uning avtotransport vositasiga qoʻyilgan taqiqni yechib berish evaziga ming dollar talab qilgan.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir natijada, davlat ijrochisi talab qilingan pul mablagʻini Qarshi tumanidagi fermer xoʻjalik rahbari vositachiligida pora sifatida olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Islohotlar yoʻlidagi eng katta toʻsiq va gʻov – bu korrupsiyadir. Huquq-tartibot idoralari tomonidan korrupsion holatlarga qarshi kurashish, oldini olish chora-tadbirlari davom ettiriladi”, deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring