Namanganda kam taʼminlangan oilalarning farzandlariga bepul maktab formalari, ishsiz ayollarga tikuv mashinasi va fuqarolar yigʻinlariga kompyuter jamlanmasi topshirildi

14:56 25 Avgust 2022 Jamiyat
911 0

Foto: Xalq so‘zi

“Mahalla” xayriya jamoat fondi rahbariyati eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz arafasida ehtiyojmand oilalar va ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolarni yoʻqlash maqsadida Namangan viloyatiga keldi. Dastlab Davlatobod tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston – Yoshlar ziyo maskani” kutubxonasi binosida ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 8 nafar ayolga tikuvchilik mashinalari topshirildi. Ular zamonaviy dastgoh yordamida chevarlik bilan shugʻullanib, oʻz-oʻzini band qiladilar. Shundan soʻng oʻnlab oʻquvchilarga maktab kiyim-kechaklari hamda oʻquv qurollari tuhfa qilindi, 65 ta mahalla fuqarolar yigʻini vakillariga esa kompyuterlar jamlanmasi, mebellar toʻplami sertifikatlari taqdim etildi.

— Qizimizga yangi oʻquv yili oldiga maktab formasi xarid qilish masalasida biroz qiynalib turgandik, — deydi Namangan shahar Baynalmilal mahallasida yashovchi 3-guruh nogironi Saidislombek Mamajonov. — Fond tomonidan bepul maktab formasi va oʻquv qurollari berilgani qoʻlimiz kaltalik qilib turgan pallada jonimizga oro kirdi.

Anchadan buyon oʻziga mos ish topa olmay yurgan Maʼmura Abduvaliyevaning bandligi masalasi ham jamoat fondining begʻaraz koʻmagi bilan yechim topdi. Unga hadya qilingan zamonaviy tikuv mashinasi endi oila byudjetini shakllantirishda asqatishi shubhasiz.

Fond boshqaruvi raisi Dilshod Usmonov Yangiqoʻrgʻon tumanidagi “Sohibkor” va Kosonsoy tumanidagi “Rovot” mahalla fuqarolar yigʻinlari uchun qurib bitkazilgan yangi binolarning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер