Namanganda “Arashan Resort” yirik turistik majmuasi qurilishiga start berildi

11:32 24 Mart 2026 Jamiyat
284 0

Viloyatning Pop tumani hududi yuqori qismida yastanib yotgan Chotqol togʻ tizmalari oʻzining goʻzal tabiati bilan kishini maftun etadi. Ayniqsa, dengiz sathidan uch ming metrdan ziyod balandlikda joylashgan Arashan koʻllarining chiroyi oʻzgacha. Bu yerda turizmni rivojlantirishning katta imkoniyatlari hisobga olinib, mahalliy va xorijiy sayyohlarni keng jalb etish choralari koʻrilmoqda. Hududdagi koʻllar tizimi atrofida bunyod etilayotgan “Arashan Resort” majmuasi ayni yoʻnalishdagi istiqbolli loyihalardan biridir. Unga koʻra, umumiy qiymati 150 million dollar hajmida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, 600 gektar maydonda zamonaviy turizm infratuzilmasiga ega boʻlgan yirik dam olish va sayohat markazi barpo qilinadi.

Navroʻz umumxalq bayrami nishonlanayotgan kunlarda majmua qurilishiga tamal toshi qoʻyish marosimi tashkil etildi. Katta shodiyonaga aylangan tadbirda viloyat rahbariyati, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari toʻplandilar. Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov soʻzga chiqib, turizm yoʻnalishidagi yangi loyiha mohiyati haqida batafsil toʻxtaldi.

Taʼkidlanganidek, majmua toʻliq ishga tushirilgandan soʻng kunlik 2,5 ming nafar sayyohni qabul qilish, yiliga 912 ming nafar turistga xizmat koʻrsatish, 2000 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyati paydo boʻladi. Ayni jarayonda bu yerda barpo etiladigan ekologik turizm zonalari, ekstremal va togʻ turizmi infratuzilmalari, gastronomik turizm markazlari, sayohat va madaniy dam olish maskanlari, rekreatsion va sogʻlomlashtirish hududlari uning beqiyos imkoniyatlaridan dalolat beradi.

— Bundan tashqari majmuada tematik parklar, togʻ changʻisi komplekslari, ziplayn, restoran va kafelar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, ekobozor, bolalar maydonchalari, sport maydonlari hamda termal suv basseynlari barpo etilishi rejalashtirilgan, — deydi viloyat investitsiyalar va savdo boshqarmasining Pop tuman shoʻbasi boshligʻi Nozimjon Oʻlmasov.

Shu oʻrinda uch yil davomida ijrosini topadigan mazkur loyiha Yaponiyaning nufuzli “NGEA – Nippon Global Education and Assessment” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotganini taʼkidlash lozim. Bu esa majmuaning yuksak andozalar asosida barpo etilib, xalqaro talablarga toʻliq javob berishini taʼminlaydi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер