Namanganda 313 nafar bitiruvchiga oltin medallar topshirildi

10:42 24 Iyun 2019 Jamiyat
2457 0

Foto: Xotam Mamadaliyev

Bu yil viloyatdagi umumtaʼlim maktablarini 21048 nafar oʻgʻil-qiz tamomladi. Ular orasida iqtidor va isteʼdodlar bisyor. Buni, jumladan, bitiruvchilarning 313 nafari aʼlo oʻqishi va namunali xulqi uchun oltin medal, 308 nafari esa kumush medalga sazovor boʻlganida koʻrish mumkin. Namangan”Yoshlar markazi”da medallar oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi Marosimda “Yil maktabi”, “Yil psixologi” kabi tanlovlarda yutuqlarni qoʻlga kiritgan ilm maskanlari, ustoz-muallimlar ham munosib taqdirlandi.

Tantanada shu yilning aprel oyida Toshkent shahrida Singapur Universiteti tomonidan oʻtkazilgan “Xalqaro matematika fani” olimpiadasida faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan Chust tumanidagi 64-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Hamidulloxon Abdurahmonov, 23 - 27-may kunlari Belorussiyaning Mogilyov shahrida oʻtkazilgan“Zolotaya pchyolka” xalqaro tanlovida faxrli 2-oʻrinni egallagan Kosonsoy tumanidagi 9-davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatining 9-sinf oʻquvchisi Olimaxon Tojiboyeva, 7 - 11-iyun kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan fan olimpiadasining respublika bosqichida ona tili va adabiyot fanidan gʻoliblik shohsupasini zabt etgan Kosonsoy tumanidagi 45-sonli maxsus maktab-internatning 11-sinf oʻquvchisi Yodgor Zokirjonov, mazkur fan olimpiadasining respublika bosqichida matematika fanidan faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan uning tengdoshi, shu maktabning 11-sinf oʻquvchisi Jaloliddin Sirojiddinov kabi koʻplab talantlar nomi faxr va iftixor bilan tilga olindi.

Viloyat va Namangan shahar hokimligi, turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ozod va obod yurtning ertangi kuni egalari sifatida qanot yozib, kelajak sari dadil parvozga chogʻlangan bitiruvchilarga nufuzli oliy oʻquv yurtlari talabalariga aylanishlarida omad va muvaffaqiyat tiladilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер