Namangan: yangi marralar sari dadil qadamlar
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev avval qoʻyilgan vazifalar ijrosini koʻrish, mahallalardagi sharoitni oʻrganish, aholini oʻylantirayotgan muammolardan kelib chiqib, navbatdagi rejalarni belgilash maqsadida 18-19-fevral kunlari Namangan viloyatida boʻldi.
Davlatimiz rahbari viloyatga safari chogʻida joylardagi uchrashuvlar, samimiy muloqotlar, yangi loyihalar taqdimotlarida bildirgan fikrlarini yurtdoshlarimiz katta qiziqish va hayajon bilan kuzatdi. Aytish mumkinki, bu tashrif hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, har bir insonning turmush darajasini yana-da yaxshilash, mahallalarda odamlar uchun munosib sharoitlarni yaratish uchun muhim qadam boʻldi.
Mamlakatimiz rahbari oʻtgan yili iyun oyida viloyatda boʻlganida Kosonsoy, Chortoq, Yangiqoʻrgʻon tumanlarini bogʻdorchilikka ixtisoslashtirish yaxshi samara berishini aytgan edi. Shunga muvofiq, ushbu togʻli tumanlarda zamonaviy bogʻ va tokzorlar tashkil etilayotir.
Yangiqoʻrgʻondagi “Sura General Investments” masʼuliyati cheklangan jamiyatining bogʻi ana shulardan biridir. Bu yerlar ilgari sugʻorilmaganligi sababli undan unumli foydalanilmas edi. Birlashgan Arab Amirliklarining 3 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyasi hisobiga 103 gektar maydonda intensiv bogʻ barpo etildi.
Hozirgi kunda bogʻda 40 kishi ish bilan taʼminlangan va qator oralarida sabzavot yetishtirish uchun ishsiz yoshlarga yer boʻlib berilgan. Davlatimiz rahbari yoshlar bilan suhbatlashib, ularning ishli boʻlganliklarini, kayfiyatlarini koʻrib xursandligini bildirdi. “Yoʻllaringizni topib, ish bilan boʻlib, biringizni ikki qilib, farzandlar kamolini koʻrib yashasalaringiz — mening eng katta maqsadim shu. Buning uchun shu bilan chegaralanmay, koʻproq bilim olishingiz, yangi marralarga intilishingiz kerak”, — dedi Prezidentimiz.
Ilgari namanganlik 160 ming kishi xorijga ish izlab ketgan edi. Bugun viloyatda yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida ularning 100 mingi yurtimizga qaytib keldi. Bu, albatta, oʻtgan qisqa vaqt ichida mamlakatimizda — yangi Oʻzbekistonda yoshlarga munosabat butunlay oʻzgarib borayotganidan dalolatdir.
Shu yerda Bosh vazir oʻrinbosari Sh.Gʻaniyev, qishloq va suv xoʻjaligi vazirlari, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi hamda boshqa mutasaddilar Namangan viloyatida qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalarni taqdimot qilishdi.
Prezidentimiz loyihalar bilan tanishar ekan, kartoshkachilikni rivojlantirishga alohida toʻxtalib, kartoshkani haligacha juda katta hajmda import qilayotganimizni, 1,8 mln tonnaga ehtiyojimiz borligi, shunga yarasha yer ham ajratilgani, ammo hosildorlik pastligi taʼkidladi.
Ilmiy yondashuv yoʻqligi tufayli eng oddiy ekinni ham koʻngildagidek yetishtira olmayotganimiz aytilib, Qishloq xoʻjaligi vazirligiga kartoshkachilik boʻyicha jiddiy shugʻullanish, hosildorlikni koʻtarish kerakligi, alohida kollejlarni ana shu yoʻnalishda ilmiy markazlarga aylantirish, Vengriya davlati bilan bu boradagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berildi. Shundan kelib chiqib, endilikda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan Yangiqoʻrgʻon tumanida davlat-xususiy sheriklik tamoyilini qoʻllab, kartoshkachilikka ixtisoslashgan, sifatli urugʻ yetkazib beradigan va kompleks xizmat koʻrsatadigan tomorqa xizmati klasteri tashkil etiladi.
Ishchilar soni 2200 nafarga yetkaziladi
Yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash — davlatimiz siyosatining eng ustuvor yoʻnalishi. Shu sababli davlatimiz rahbari deyarli har bir maʼruzalarida bu masalaga toʻxtalib, ularni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish, ularda tadbirkorlik koʻnikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish lozimligini taʼkidlayapti. Bu borada shahar va tumanlarda toʻqimachilik majmualari tashkil etilmoqda. Chunki buning uchun xomashyo, infratuzilma va bozor bor.
“Chust textile” korxonasi “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududida tashkil etilgan boʻlib, uning ikkita kompleksida 1 ming 300 kishi mehnat qilmoqda.
Korxona buyurtmaga qarab, barcha turdagi ustki va ichki kiyimlarni ishlab chiqarishi mumkin. 2020-yilda qariyb 2 ming tonna mato hamda 5 million 200 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilib, Italiya, Rossiya, Qozogʻiston va Tojikiston kabi davlatlarga 9 million dollardan ziyod eksport qilingan. Joriy yilda esa eksportni 12 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz Chust tumanidagi “Chust textile” xususiy korxonasi faoliyati bilan tanishish doirasida bu yerdagi ish jarayonini, tayyor mahsulotlarni koʻzdan kechirdi. Korxona qurilishning oʻzidan 6 million dollar iqtisod qilingani eʼtirof etilib, boshqa toʻqimachilik majmualarini ham shunday loyiha asosida qurish boʻyicha koʻrsatma berdi.
Bugun yoshlar bilan ishlash boʻyicha yangicha tizimni joriy etish – eng asosiy masala sanaladi. Ayni chogʻda 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz ekani bu borada yaqin va kelajakda emas, hozirdanoq zarur choralarni koʻrishni taqozo etadi. “Chust textile” loyihasining umumiy qiymati qariyb 12 million dollar boʻlib, uch bosqichga moʻljallangan. Toʻliq quvvatda yiliga 5 ming tonna mato, 15 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish mumkin boʻladi. Eng asosiysi, ishchilar soni 2200 ga yetkaziladi.
850 mlrd. soʻmlik kredit qanday maqsadlarga sarflanadi?
Mahalla tizimi jamiyatimizning eng muhim va tayanch boʻgʻini hisoblanadi. Bugun mahallalar avvalgidek murojaatlar bilan cheklanib qolmay, odamlar ichiga kirib, ularning dardu tashvishlarini tinglab, mavjud muammolarga tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda yechim topmoqda. Eng muhimi, ular aholi bandligini taʼminlash boʻyicha oilaviy va xususiy tadbirkorlikning eng yaqin koʻmakchisiga aylangan.
Hozirgi kunda mamlakatimizda «mahallabay», «xonadonbay» degan ibora paydo boʻlgani ham bejiz emas. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan bu ish uslublari, ochigʻi, aholi murojaatlari va jamiyatdagi koʻplab muammolarni bartaraf etishda juda qoʻl kelmoqda. Bu oʻz navbatida, har bir oilaning dardini, niyatini bilib, ularga yelkadosh, koʻmakdosh boʻlish, sharoit yaratishda asqatyapti.
Tashrifning alohida eʼtiborli tomoni shundan iborat boʻldiki, uning doirasida Prezidentimiz Namangan shahrida boʻlib oʻtgan xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida aholi bandligi va daromadini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish birinchi muhim vazifa ekanini taʼkidlab, «mahallabay» tizimda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 850 milliard soʻm kreditlar ajratishga koʻrsatma berdi.
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan viloyatga 60 million dollar ajratilishi, buning hisobidan Namangan shahri issiqlik tizimini qayta qurishga 15 million dollar, eski shahar infratuzilmasini yaxshilash va kanallar qirgʻoqlarini obodonlashtirishga 10 million dollar, mahallalardagi drayver loyihalarni moliyalashtirishga 10 million dollar, limonchilikni rivojlantirishga 10 million dollar yoʻnaltirilishi tufayli ming-minglab oilalarning turmush sharoitlari yaxshilanadi.
Kichik va yoshlar sanoat zonalariga, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirishga, kreditlar foizining bir qismini qoplashga 5 million dollardan berilishi shubhasiz, yangi ish oʻrinlari yaratilishi bilan birga, mamlakatimiz eksport salohiyati oshishiga ham xizmat qiladi.
Bular hali hammasi emas. Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, ekinlar tarkibini oʻzlashtirish maqsadida 17 ming gektar yer ajratish, 200 ming nafar yosh, paxta klasterlari tomonidan har bir tumanda tikuvchilik korxonalarini ishga tushirish orqali 10 ming nafar ayollar bandligini taʼminlash mumkin.
Xulosa shuki, Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi tom maʼnoda tarixiy voqea boʻldi. Odamlarning kayfiyatini koʻtardi, ertangi kunga boʻlgan ishonchini yana-da mustahkamladi. Demak, endi belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlashda bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilishimiz, har bir ezgu ishda faol va tashabbuskor boʻlishimiz kerak.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring