Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid vazifalar ijrosi parlament nazoratida
Hududni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan prognoz koʻrsatkichlar ijrosini taʼminlash holatini oʻrganish va bajarilishida koʻmaklashish maqsadida joriy yilning 10 –11-avgust kunlari Senat Raisining Namangan viloyatiga tashrifi amalga oshirildi.
Avval xabar berganimizdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid belgilangan vazifalar ustidan taʼsirchan parlament nazorati olib borish maqsadida Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi senatorlardan iborat ishchi guruh vodiy viloyatlarida ijtimoiy-iqtisodiy obyektlar faoliyati bilan tanishib, mahallalarda aholi bilan bevosita muloqotlar oʻtkazmoqda.
Ishchi guruhining navbatdagi manzili Namangan viloyati boʻldi.
Tashrif davomida Senat Raisi boshchiligidagi ishchi guruh viloyatning Namangan shahri, Toʻraqoʻrgʻon, Kosonsoy, Yangiqoʻrgʻon va Davlatobod, Namangan tumanlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriq va koʻrsatmalari ijrosini taʼminlash boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilayotganiga alohida eʼtibor qaratdi.
Jumladan, ishchi guruh aʼzolari Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 320 oʻrinli 5-sonli maktabga tashrif buyurdi. U yerda yangi oʻquv yili uchun koʻrilayotgan tayyorgarlikka, nafaqat moddiy-texnik taʼminot masalalari, balki oʻquvchilarni doimiy darslarda ishtirok etishini taʼminlash borasida qanday rejalar qilinayotganiga ahamiyat berildi.
Shuningdek, tumandagi “Ibrat” MFY hududidagi ip-kalava ishlab chiqarish, paxtani qayta ishlash, matoni toʻqish va boʻyash boʻyicha amalga oshirilayotgan (1 000 ta ish oʻrni) loyiha bilan tanishildi.
Shu bilan birga tumandagi “Yuqori Moʻgʻiltoy” MFYdagi 700 ish oʻrniga moʻljallangan tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati koʻzdan kechirildi. U yerda tadbirkorlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar bilan birga, ishchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, ularga toʻlanayotgan munosib ish haqlari yuzasidan suhbatlashildi. Muloqotlar davomida korxona ishchilari bu kabi korxonalarning koʻpayishi koʻplab uyda oʻtirib qolgan bolali ayollar moliyaviy jihatdan oʻz oilasiga koʻmak boʻlishiga zamin yaratayotganini alohida taʼkidladi.
Ishchi guruhning navbatdagi manzili Kosonsoy tumani boʻldi. U yerda masʼullar Namuna kichik sanoat zonasi hududida tashkil etilayotgan umumiy qiymati 180,0 mlrd. soʻmlik “Sochiq ishlab chiqarish” loyihasi bilan tanishdi. Loyihalar bilan tanishuv jarayonida ayni vaqtda tumanning togʻli hududi hisoblangan “Kosonsoy soyi” qirgʻogʻida ichki turizmni rivojlantirish orqali yangi savdo va servis obyektlarini ishga tushirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilayotgani alohida taʼkidlandi.
Bundan tashqari, ishchi guruh Yangiqoʻrgʻon va Davlatobod tumanlaridagi ishlab chiqarish quvvatlari, tadbirkorlik subyektlari va kichik sanoat zonalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, birgina Yangiqoʻrgʻon tumanining oʻzida 4,6 ga maydonga ega 2 ta kichik sanoat zonasi mavjud boʻlib, u yerda 43 ta yangi loyihani ishga tushirilishi natijasida 1,2 mingta ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.
Ishchi guruhi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27- yanvardagi qaroriga asosan tumandagi beshta mahalla fuqarolar yigʻinlari oʻrtasidan oʻtuvchi Gʻalaba koʻchasini tunu kun ishlaydigan savdo, koʻngilochar, gastronomik, turizm va sanʼat yoʻnalishlariga ixtisoslashgan maxsus savdo va koʻngilochar koʻchaga aylantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini koʻzdan kechirdi.
Shuningdek, Senat Raisi Namangan shahrida 1030 oʻrinli oʻquv oʻrniga moʻljallab rekonstruksiya qilinayotgan 38-sonli umumtaʼlim maktabi, 180 oʻrinli 30-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotidagi rekonstruksiya ishlari hamda Qoʻqon koʻchasining 2,6 km qismida amalga oshirilgan asfaltlash va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Shu bilan birga, Namangan shahridagi koʻp tarmoqli markaziy poliklinika faoliyati bilan tanishilib, mazkur poliklinika binosi soʻnggi 10 yilda umuman kapital taʼmirlanmaganligi, toʻliq rekonstruksiyaga muhtojligi aniqlandi.
Galdagi manzil Namangan tumanining Mirishkor MFY hududida “Toshbuloq invest group” korxonasi boʻldi. Qayd etilishicha, 130 mlrd. soʻmlik loyiha asosida tashkil qilinayotgan “Sement ishlab chiqarish zavodi” ishga tushirilishi natijasida tumandagi 10 ta mahallaning 170 nafar aholisi ish bilan taʼminlanadi.
Oʻrganishlar natijasida maʼlum boʻldiki, Namangan tumanida 3 ta sanoat zonasida boʻsh turgan 24 ga maydonda 80 ta yangi loyihani amalga oshirish va kamida 2500 ta ish oʻrnini yaratish imkoniyati mavjud.
Oʻrganish natijalari Senat aʼzolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi doimiy komissiyalari raislari, viloyat sektor rahbarlari, viloyat hokimiligi kotibiyat va guruh rahbarlari, viloyat tashkilot va idoralar rahbarlari hamda tuman hokimlari ishtirokida muhokama qilindi.
Ishchi guruhining viloyatdagi oʻrganishlari davom etadi hamda natijalari har ikki haftada xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalarida, Senat Kengashi va viloyat Kengashi qoʻshma majlislarida tanqidiy muhokama qilinib, masʼullarning axborotlari eshitib boriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring