Namangan viloyatida import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga eʼtibor qaratilyapti

15:47 08 Noyabr 2023 Jamiyat
304 0

Foto: Arxiv surat

Kundalik turmushimizda aholining oziq-ovqat, xususan, goʻsht mahsulotlariga boʻlgan talabi kun sayin oʻsib borayotgani sir emas. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda chorvachilikni jadal rivojlantirish, sohaga ilgʻor texnologiyani joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratilib, joylarda chorva bosh sonini koʻpaytirish, ulardan olinayotgan birlamchi mahsulotlarni qayta ishlash orqali aholi dasturxonini yanada toʻkin qilish, sanoatni esa zarur xomashyo bilan toʻldirishga muvaffaq boʻlinmoqda. Maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda birgina Namangan viloyatida 1,8 million bosh qoramol parvarishlanmoqda. Yiliga ularning 500 ming boshidan koʻprogʻi goʻsht va teri olishga yoʻnaltiriladi. Bu viloyatda charm sanoati, xususan, poyabzal ishlab chiqarish quvvatlarini yetarli xomashyo bilan taʼminlashda ham katta imkoniyat, degani.

Aytish lozimki, mahalliy hunarmandchilik taraqqiy etgan bu hududda   qoramol terisini qayta ishlash boʻyicha yetarli tajriba toʻplangan. Avloddan avlodga oʻtib kelayotgan koʻnchilik keyingi yillarda sanoat darajasiga koʻtarilib, poyabzalchilik korxonalarining xomashyo masalasida importga qaramligi muntazam kamaytirib borilmoqda. Hozirgi paytda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining hududiy boshqarmasiga birlashgan korxonalar yiliga 600 milliard soʻmlikdan ortiq mahsulot tayyorlanyapti. Uning 14 million AQSH dollariga teng qismi eksportga chiqarilayotir.

Keyingi besh yil davomida 30 million dollarga teng qiymatdagi 450 dan ziyod loyihalar roʻyobi bilan quvvatlar hajmi toʻrt baravarga ortib, 10 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Aytaylik, 2017-yilda faoliyat boshlagan “Nafis charm” masʼuliyati cheklangan jamiyatida oʻrnatilgan zamonaviy vositalar koʻmagi bilan korxonada samarali texnologik zanjir yaratilgan. Yiliga 300 mingta teriga ishlov berilib, 100 milliard soʻmlik tayyor mahsulotga aylantirayotgan korxona Portugaliya, Xitoy, Rossiya va Qozogʻiston davlatlari bilan 6 million dollarga teng tashqi savdo amaliyotlarini bajarmoqda.

Yana bir loyiha – “Grant charm poyabzallari” masʼuliyati cheklangan jamiyatida dastlabki bosqichda 100 ming juft mahsulot ishlab chiqarishga moʻljallangan quvvatlar yaratilgan edi. Ellik kishi mehnat qilayotgan korxona endilikda navbatdagi loyiha ijrosiga kirishdi. Namangan shahridagi sobiq “Elektroterm” MCHJning foydalanilmay turgan binosi sotib olinib, 5 million dollar qiymatdagi texnologik qayta jihozlash ishlari olib borilmoqda. U nihoyasiga yetishi bilan 2024-yil oxiridan poyabzal tagligi va boshqa butlovchi qismlar tayyorlashni oʻzlashtirish orqali ayni paytda Xitoydan keltirilayotgan 200 ming dollarga teng ashyolar importiga chek qoʻyiladi.

Isteʼmol bozorini charm-galanteriya mahsulotlari bilan toʻldirishda bugun viloyatdagi toʻrt korxona faol ishtirok etmoqda. “Nazifa charm tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatida tayyorlanayotgan bolalar va ayollar sumkalari oʻzining pishiqligi va dizayni bilan xaridorlar eʼtiborini qozongan. Xoʻjalik yuritish subyektida mehnat qilayotgan 50 kishi oyiga 10 ming donadan ortiq mahsulot ishlab chiqarayotir. Yillik eksport hajmi esa yarim million dollarga yetdi.

Tizimdagi korxonalarga birlamchi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarni yetkazib berishda uchta avtomatlashtirilgan qushxonalarning ilgʻor texnologiya bilan jihozlanishi imkoniyatlar eshigini ochdi. Ulardan biri – “Namangangoʻsht” masʼuliyati cheklangan jamiyatida yiliga 50 ming bosh qoramol soʻyilib dastlabki ishlovdan chiqariladi. Korxona bugungi kunda Namangan shahridagi taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalariga har oyda 200 tonnadan ortiq goʻsht yetkazib berishdan tashqari hamkorlikdagi subyektlarni yuqori sifatli qoramol terisi bilan taʼminlamoqda.

— Sohani davlatimiz tomonidan izchil qoʻllab-quvvatlanishi, ayniqsa, koʻplab toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar yaratib berilganligi istiqbolli loyihalar ijrosiga qanot bagʻishlamoqda, — deydi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi Namangan viloyat boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Oqiljon Najmiddinov. — Masalan, keyingi paytlarda yagona soliq toʻlovi boʻyicha 10 milliard soʻmlikdan koʻproq, bojxona toʻlovlaridan esa 15 milliard soʻm mablagʻning korxonalar ixtiyorida qoldirilishi joylarda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, binolarni rekonstruksiya qilish tadbirlariga yoʻnaltirildi.

Darhaqiqat, charm sanoatiga qaratilayotgan eʼtibor sohadagi korxonalar faoliyatini kengaytirish barobarida koʻplab tadbirkorlik subyektlarining mazkur yoʻnalishga boʻlgan qiziqishini orttirmoqda. Misol uchun, Uychi tumanida amalga oshirishga kirishilgan yirik loyiha orqali chorvachilik, goʻsht yetishtirish, terini qayta ishlash va tayyor mahsulot koʻrinishiga keltirishga ixtisoslashgan klaster vujudga keltiriladi. Buning uchun 10 gektar maydon ajratilgan. Bu yerda jamlanadigan beshta korxona tomonidan 45,1 milliard soʻm qiymatdagi 10 ta loyiha roʻyobga chiqariladi. Bundan tashqari Pop va Kosonsoy tumanlarida ham terini yigʻish va saralash korxonalari ochiladi.

Viloyatda amalga oshirilayotgan bu singari tadbirlar hududlar iqtisodiyotini mustahkamlash barobarida qimmati yuqori boʻlgan tabiiy xomashyoni ishlab chiqarishga jadal yoʻnaltirilishi bilan ahamiyatli. Biroq, ayrim joylarda mavjud imkoniyatdan foydalana olinmayotgani ham bor gap. Chunonchi, Uchqoʻrgʻon, Norin tumanlarida charm sanoati va poyabzalchilik boʻyicha birorta loyihaning amalga oshirilmaganligi kishini taajjubga soladi. Nima, ularda soha faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun shart-sharoit yoʻqmi yoki tadbirkorlarni bu ishga jalb etishda boshqaruv idoralarining tashkilotchiligi yetishmayaptimi?!

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер