Namangan viloyati uloq-koʻpkari boʻyicha respublika chempionatiga mezbonlik qiladi
Shu yilning 25-28-dekabr kunlari Namangan shahrining Markaziy otchoparida respublika uloq-koʻpkari chempionati boʻlib oʻtadi. Unda barcha viloyatlardan tashrif buyurgan 12 ta jamoa gʻoliblik uchun bahslashadi.
Alohida qayd etish kerak, ushbu milliy ot sporti chempionati uzoq yillardan beri eʼtibordan chetda qolib kelayotgan edi.
Ayni paytda mazkur musobaqaga Oʻzbekiston Uloq – koʻpkari federatsiyasi tomonidan puxta tayyorgarlik koʻrilib, uning mezonlari Xalqaro Uloq – koʻpkari federatsiyasi nizomlariga muvofiq tashkillashtirilgan. Yaʼni, maydonda har bir bahsda bitta jamoadan oʻn ikki nafar chavandoz va uloqchi ot, jami yigirma toʻrt nafar ishtirokchi qatnashadi. Bellashuvni bir nafar bosh hakam va ikki nafar yordamchi hakam boshqarib boradi. Gʻoliblik belgilangan muddat ichida raqib jamoa somoni – doira shaklidagi marraga kiritilgan natijalar asosida aniqlanadi. Deylik, qaysi guruh raqib somoniga ulardan koʻp taka ayirib tashlasa gʻolib hisoblanadi. Birinchi bosqichda yutgan guruh, ikkinchi bosqichga yoʻl oladi. Mutlaq gʻoliblik uchinchi bosqich natijalariga koʻra aniqlanadi.
Hakamlar jamoasi Xalqaro Uloq – koʻpkari federatsiyasi nizomiga mos tarzda bir nafar bosh hakam, ikki nafar bosh hakam yordamchisi, bir nafar bosh kotib, ikki nafar bosh kotib yordamchisi, besh nafar maydon hakami, bir nafar vaqt nazoratchisi va bir nafar musobaqa suxandonidan tashkil topgan.
Har bir jamoa oʻn ikki nafar chavandoz va uloqchi ot, bir nafar jamoa sardori, bir nafar murabbiy va bir nafar otboqardan iborat.
Ushbu nufuzli musobaqaga tayyorgarlik asnosida Oʻzbekiston Uloq – koʻpkari federatsiyasi tomonidan har bir chavandozga kod raqami berilib, tegishli tartibda federatsiya sertifikati topshirildi.
Birinchi oʻrinni olgan jamoa 30.00000 (oʻttiz million) soʻm, ikkinchi oʻrinni olgan jamoa 20.00000 (yigirma million) soʻm, uchinchi oʻrinni olgan jamoa 10.00000 (oʻn million) soʻm pul va boshqa mukofotlar bilan taqdirlanadi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 10-dekabr kuni Oʻzbekiston Uloq – koʻpkari federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi oʻlib oʻtgan va unda Nabi Joʻrayev federatsiya raisligiga, E. Abzalov rais oʻrinbosarligiga, A. Karimov federatsiya bosh kotibligiga saylangan edi.
Taʼkidlash kerak, ushbu anjumandan keyin federatsiyaning yangi rahbariyati tomonidan mahalliy hokimliklarning ushbu sport turini ommalashtirish boʻyicha masʼuliyatini oshirish, hududiy boʻlimlar faoliyatini jonlantirish, respublika uloq-koʻpkari musobaqalarini tashkillashtirish va ushbu musobaqalarda viloyat terma jamoalari chavandozlari ishtirokini taʼminlash, shuningdek, xalqaro Uloq-koʻpkari federatsiyasi bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha harakatlar dasturi ishlab chiqilgan edi.
Uloq-koʻpkari federatsiyasi
matbuot xizmati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring