Namangan “Maqsadlarga erishish uchun kuchlarni birlashtiramiz” ijtimoiy tadbirkorlik yarmarkasi oʻtkazildi
BMTning Aholishunoslik boʻyicha jamgʻarmasi (YUNFPA) va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya agentiligi vakillari qishloq xoʻjaligi va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik sohasida ijtimoiy tadbirkorlik va barqaror amaliyotlarni ilgari surish tashabbusini qoʻllab-quvvatlash uchun birlashdilar. Mazkur oʻziga xos tadbir FAO va YUNFPA tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzaro hamkorlik orqali Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” qoʻshma loyihasi doirasida oʻzaro yordam guruhlari va individual benefitsiarlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishga yoʻnaltirilgan. Shuningdek, tadbirning maqsadi ikki mamlakat oʻrtasida yangi qoʻshma biznes gʻoyalarni yaratishdan iborat.
Eslatib oʻtamiz, “Oʻzaro hamkorlik orqali Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” FAO va YUNFPA qoʻshma loyihasi BMT Bosh kotibining Tinchlik Oʻrnatish jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilayotgan boʻlib, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish hamda bunda Qirgʻiziston va Oʻzbekiston chegaraoldi hududlarida ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga alohida urgʻu berish orqali Fargʻona vodiysi boʻylab oʻtuvchi chegaraning ikkala tomonida yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.
Yarmarka barcha tashrif buyuruvchilar uchun ochiq boʻlib, koʻrgazma maydonchasi, taʼlim seminarlari va tajriba almashish uchun mahorat-maktablaridan iborat. Tadbirining asosiy maqsadi – muvaffaqiyatli tadbirkorlar bilan hamkorlik oʻrnatish orqali oʻzaro yordam guruhlari va individual benefitsiarlar tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga va barqarorligini taʼminlashga yordam koʻrsatishdan iborat.
“Ijtimoiy tadbirkorlik barqaror taraqqiyotga erishish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish uchun kuchli mexanizm hisoblanadi”, deya qayd etdi Oʻzbekistondagi YUNFPA vakili janob Yu Yu. “FAO va Ijtimoiy himoya agentligidagi hamkorlarimiz bilan birgalikda jamiyat osoyishtaligi va ekologik barqarorlik tomonga yoʻnalish olgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishni maqsad qilganmiz”.
Oʻzbekistondagi FAO vakilining oʻrinbosari Sherzod Umarov quyidagilarni taʼkidladi: “Biz qishloq xoʻjaligida ijtimoiy tadbirkorlikni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga diqqat qaratgan holda agrar hududlarni rivojlantirish asosi sifatida koʻrib chiqamiz. Biz aholining ijtimoiy muammolarini hal qilishga, hamkorlikni mustahkamlashga va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan biznes rivojlanishini qoʻllab-quvvatlaymiz”.
Tadbir ishtirokchilari Ijtimoiy himoya agentligi, YUNFPA, FAO, Oʻzbekiston Respublikasi Oila va ayollar masalalari qoʻmitasi, Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazi, mahalliy boshqaruv va hokimiyat organlari, shuningdek Oʻzbekiston va Qirgʻizistondan oʻzaro yordam guruhlari va individual benefitsiarlar vakillaridan, turli tarmoqlardagi tadbirkorlardan, jumladan tarmoq va yirik savdo nuqtalari, toʻqimachilik fabrikalari, mehmonxonalar va xostellar, xususiy klinikalar, taʼlim muassasalari, umumiy ovqatlanish va onlayn savdo maydonchalaridan tashkil topgan.
Yarmarka dasturi yalpi majlis, tashkilotchilar va ishtirokchilardan taqdimotlar, ijtimoiy tadbirkorlik koʻrgazmasi hamda qoʻshma tadbirkorlik loyihalarini rejalashtirish uchun maydonchalarni oʻz ichiga oladi. Tadbir natijalar muhokamasi va yakuniy xulosalarni maʼlum qilish bilan tugatiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring