Nafas qisishi: Uning qanday sabablari bor?

14:54 16 Fevral 2024 Jamiyat
1034 0

Nafas olish — hayotni taʼminlovchi muhim jarayon. Ammo baʼzan insonlarda nafas qisishi bilan bogʻliq turli muammolar yuzaga keladi. Xoʻsh, buning sababi nima?

Ushbu savolga oliy toifali pulmonolog Xayrillo Rajabov javob berdi.

— Nafas qisishini keltirib chiqaruvchi bir qancha sabablar bor, — deydi mutaxassis. — Ular fiziologik va patologik boʻlishi mumkin. Fiziologik nafas qisishi jismoniy harakat tufayli kelib chiqib, organizmning kislorod ehtiyoji oshishi natijasida paydo boʻladi.

Bu holat 10-20 daqiqadan soʻng oʻtib ketsa, salomatlik uchun zarari yoʻq. Ammo biror jismoniy harakatdan keyin uzoq vaqt nafas qisishi davom etsa, bu biror kasallik alomati hisoblanadi.

Nafas qisilishi obyektiv boʻlishi ham mumkin. Kishi doimo bu muammodan aziyat cheksa, unga koʻnikib, bora-bora sezmay qoladi. Bunda bemor gaplashganda va yurganda yoki harakatlanganda ogʻir nafas oladi. Agar bu holat turli kasalliklar tufayli yuzaga kelsa, patologik nafas qisishi, deyiladi.

Xususan, nafas olish, asab, yurak-qon tomir tizimi va boshqa aʼzolar xastaliklarida uchraydi. Markaziy nafas qisishi nafasning idora qilinishi buzilganda yoki bosh miyadagi nafas markazida muammo kuzatilganda roʻy beradi. Bu holat tinchlantiruvchi dorilar yoki narkotik moddalar bilan zaharlanish, bosh miya jarohatlari, bosh miyaga qon quyulishida sodir boʻladi.

Shuningdek, nafas qisishi oʻpka qafasi shikastlanganda, nafas olish tizimi aʼzolari zararlanganda (surunkali obstruktiv oʻpka va oʻpkaning interstitsial xastaliklari, bronxial astma, pnevmoniya, oʻpka tuberkulyozi, plevra varaqlari kasalliklari va boshqalarda) kuzatiladi.

Nafas aʼzolari xastaliklari tufayli kelib chiqadigan bunday holat inspirator va ekspirator turlarga boʻlinadi. Dastlabki holatda bronxlardagi shilliq, balgʻam yoki oʻpkadagi oʻsma sababli nafas olish qiyinlashadi. Ekspirator turda esa bronxlar muskulaturasi spazmi tufayli nafas chiqarish qiyinlashadi.

Boʻgʻilib qolishgacha olib keladigan nafas qisishi bronxial astma va yurak astmasida sodir boʻladi. Oʻpka toʻqimasidagi katta hajmli zararlanishlarda boʻladigan bu holat esa ozgina jismoniy harakat qilganda ham kuchayadi.

Bemordagi nafas qisishiga nima sabab ekanini aniqlash uchun bir qancha tekshiruvlar amalga oshiriladi. Ogʻir holatlarda bronxoskopiya oʻtkaziladi. Bir daqiqada 16-20-marta nafas olib-chiqarish sogʻlom odam uchun meʼyor hisoblanadi.

Bemorning isitmasi koʻtarilganda yoki kishi qattiq asabiylashganda daqiqasiga 25-martadan koʻp nafas olishi mumkin.

Nafas qisishi bilan kechadigan kasalliklarning oldini olishda organizmni chiniqtirish, jismoniy mashqlar va nafas gimnastikasi bilan shugʻullanish, nafas yoʻllarining yuqumli va allergik xastaliklarini oʻz vaqtida davolash, tamaki chekmaslik va ortiqcha vazndan saqlanish tavsiya etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер