Myanma va Tailanddagi zilziladan jabrlanganlar orasida oʻzbekistonliklar bormi?

17:10 29 Mart 2025 Jamiyat
320 0

Kecha, 28-mart kuni Myanma va Tailand hududida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida jabrlanganlar orasida Oʻzbekiston fuqarolari qayd etilmagan. Bu haqda Oʻzbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi maʼlumot berdi.

Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi diplomatlari tegishli idoralar bilan muntazam aloqada boʻlib, vaziyatni hushyorlik bilan kuzatib borishmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, kuchli zilzila oqibatida Bangkokda qurilishi tugallanmagan bino qulab tushgan. Oqibatda 8 kishi halok boʻlgan hamda 81 kishi bedarak yoʻqolgan. Jabrlanganlar orasida oʻzbekistonliklar aniqlanmagan..

“Tailandda boʻlib turgan oʻzbekistonliklarga yordam kerak boʻlsa, +66 2 675 3995 raqami orqali bogʻlanishingiz mumkin”, — deyiladi konsulxona bayonotida.

AQSH Geologiya xizmati maʼlumotiga koʻra, 28-mart kuni Myanma hududida 7,7 magnitudali kuchli zilzila sodir boʻldi. Mazkur Yer silkinishi Tailand, Bangladesh, Hindiston, Xitoy va Laos hududlarida ham sezilgan.

Zilzilaning markaziy nuqtasi Mandalay shahridan 17,2 kilometr uzoqlikda hamda 10 kilometr chuqurlikda qayd etilgan.

Qutqaruv ishlari davomida aniqlanishicha, hozirga qadar zilzila oqibatida halok boʻlganlarning soni mingdan ortgan. Ikki mingdan ortiq inson esa turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonalarga yotqizilgan. Tailandda ham oʻnlab qurbonlar qayd etilgan.

Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotganligi sababli zilzila oqibatida halok boʻlganlar soni yanada ortishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер