Muvaffaqiyat samarali boshqaruvga bogʻliq
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Har qanday jamoada u xoh ishlab chiqarish, xoh xizmat koʻrsatish boʻlsin boshqaruv tizimi yaxshi yoʻlga qoʻyilsagina muvaffaqiyatga erishadi. Shu maʼnoda, Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 28-iyuldagi “Davlat ulushi boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida ularda KPI (samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari) tizimi joriy etilayotgani diqqatga sazovor.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan esa joriy yildan boshlab yirik korxonalar samaradorligini baholash va uning natijalarini rasmiy veb-saytda eʼlon qilib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda davlat ishtirokidagi 1607 ta korxonada hukumatning ushbu tizim tatbiq qilingan. Agentlik tomonidan mazkur korxonalar ijro organini KPI tizimi tahlil qilinganda, 2019-yil yakunlari boʻyicha 1607 ta davlat ishtirokidagi korxonaning 730 tasi yuqori, 154 tasi yetarli, 270 tasi yetarli emas, 191 tasi oʻrta, 89 tasi past va 173 tasi qoniqarsiz darajada ekanligi aniqlandi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar ijro etuvchi organning samaradorligi ikki chorak mobaynida ketma-ket “past” yoki “qoniqarsiz” darajada boʻlgan 155 ta korxonaning kuzatuv kengashi va muassisiga nisbatan qonunchilik talablariga asosan korxonalarning ijro organ rahbari bilan mehnat shartnomasini bekor qilish tashabbusi bilan chiqildi.
Korxonaning samaradorlik darajasini oshirish uchun faqatgina ijroiya organining KPI tizimini belgilash emas, balki korxonada mehnat qilayotgan barcha xodimlar uchun buni qoʻllash maqsadida respublikamizda samarali faoliyat yuritib kelayotgan korxonalar amaliyotini oʻrganishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.
Ushbu maqsadda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan «UzAvto Motors Pauertreyn» AJda xodimlar mehnati faoliyati samaradorligini baholash tizimi, uning xususiyatlari va taʼsiri” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda mamlakatimizdagi «Oʻzbekneftegaz»AJ, «Oʻzkimyosanoat»AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari”AJ, «Yoʻlqurilish»AJ, «Toshkentvino kombinati» AJ kabi 15 ta yirik korxona rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.
2008-yilda tashkil etilgan, avtomobillar uchun dvigatellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxonada bugungi kunda AQSH, Janubiy Koreya, Hindiston va Vengriya kabi davlatlarda malaka oshirib kelgan ming nafardan ortiq mahalliy mutaxassis va texnik xodimlar mehnat qiladi.
Korxonada har bir xodim uchun KPI tizimi elektron tarzda qoʻllanilib, koʻrsatkichlarning bajarilish darajasiga qarab xodimlar qoʻshimcha ragʻbatlantiriladi. Bu esa, oʻz navbatida, korxonada qatʼiy tartib-intizomni, ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi va sifatining oshishini hamda eng asosiysi ishchi-xodimlarning oʻz vazifalariga chuqur masʼuliyat bilan yondashishni taʼminlaydi. Zero, KPI tizimi, yaʼni samaradorlikning muhim koʻrsatkichlarini joriy etish – bu korxonaning strategik maqsadlariga erishishda yordam beruvchi muhim va zamonaviy vositadir
Dilshod ULUGʻMURODOV (“Xalq soʻzi”.)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring