Mutaxassislar tashvishda: «Omikron» endi oʻpkaga “hujum”ga oʻtmoqda

15:49 22 Fevral 2022 Jamiyat
961 0

Illyustrativ foto

Dunyoda koronavirusga chalinish holatlari kundan kun kamayayotgani insoniyat uchun yaxshi yangilik. Bu, pandemiyaning oʻtkir bosqichi ortda qolayotganini anglatadi.

Ammo shunga qaramay, olimlar «Omikron»ning yangi VA.2 subvarianti keng tarqala boshlaganidan jiddiy tashvishda. Tahlillarga koʻra, mazkur mutatsiya hozirgacha 60 ga yaqin mamlakatda aniqlangan. Bu haqda yaponiyalik olimlar fikriga tayanib, Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati maʼlumot berdi.

Xoʻsh, mutaxassislarni koʻproq nima xavotirga solmoqda? 

Gap shundaki, koronavirusning ushbu yangi turi hozirgi odatiy «Omikron»dan keskin farqlanadi. Avvalo, ushbu virus mutatsiyasiga tashxis qoʻyish birmuncha murakkab. Shu sababli u allaqachon “koʻrinmas shtamm” deya nom olib ulgurdi.

Qolaversa, yuqumlilik darajasi ancha yuqori. Inson organizmidagi antitanachalar hujumlariga “chap berish”ga qodir. Eng yomoni, unga chalinganda kasallik nisbatan ogʻir asoratlar bilan kechishi mumkin. Yapon olimlari oʻtkazgan tadqiqot natijalari buni tasdiqladi.

Unga koʻra, «Omikron»ning VA.2 turida koʻproq “Delta” shtammiga xos xususiyatlar namoyon boʻlmoqda. Yaʼni, mazkur subvariant endi yuqori nafas yoʻllarigagina emas, balki insonning nozik aʼzosi — oʻpkasiga “zarba” bermoqda.

Yana bir fakt: rossiyalik taniqli epidemiolog Yelena Gasichning taʼkidlashicha, «Omikron»ning hozirgi anʼanaviy turi bilan xastalanganda, asosan shamollash, yaʼni OʻRVI belgilari namoyon boʻlsa, VA.2 variantida taʼm va hid bilish qobiliyati yoʻqolishi kuzatilyapti. Bundan tashqari, kasallik oshqozon-ichak faoliyati buzilishi bilan ham kechmoqda.

Shunga qaramay, Jahon Sogʻliqni saqlash tashkilotining Rossiyadagi maxsus vakili Melita Vuynovich shu yil koronavirus pandemiyasi tugashi mumkinligini maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, pandemiya nihoyalanishi odamlar endi "COVID-19»ga chalinmasligini anglatmaydi. Faqat infeksiyani yuqtirish koʻrsatkichlari keskin kamayib, oʻsish dinamikasi qayd etilmaydi.

“Kasallanganlar soni koʻpligi virusning mutatsiyaga uchrash imkoniyatiga egaligini bildiradi, — deydi JSST maxsus vakili. — Shu sababli hozir epidemiologik vaziyat kelgusida qanday tus olishini aniq bilmaymiz. Biroq, «SOVID-19” butun dunyoni aylanib chiqqach, yirik epidemiyalar tugaydi, degan taxminlar bor».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер