Murojaatlar joyiga chiqib oʻrganilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 32-sonli yotoqxonada yashovchi fuqarolar amaliy yordam soʻrab murojaat qilishdi.
Aniqlanishicha, tegishli qonun hujjatlariga koʻra, Olmazor tumani O.Bobojonov koʻchasi 20 B-uyda joylashgan “Agregat zavodi” AJ Toshkent viloyati Chirchiq shahriga koʻchirilganligi tufayli mulkka egalik huquqisiz operativ boshqaruvga berilgan 32-sonli yotoqxona Olmazor tuman hokimligi balansiga oʻtkazilgan.
2023-yilning mart oyida Fuqarolik ishlari boʻyicha Shayxontohur tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga binoan yashab kelayotgan fuqarolar Olmazor tumani O.Bobojonov koʻchasi 20B-uyda joylashgan 32-sonli yotoqxonadan boshqa turar joy bermasdan chiqarishni lozim topgan.
Ombudsman Kotibiyati xodimlari ushbu murojaatni joyiga chiqqan holda oʻrganib chiqdi. Bugungi kunda ushbu yotoqxonada 10 yildan 20 yilgacha yashab kelayotgan 118 nafar fuqarolar istiqomat qilib, shundan 54 nafari voyaga yetmagan va 40-50 yoshdan oshgan ayollar tashkil etadi. Murojaat mazmuniga koʻra, fuqarolarning oilasi doimiy yashash manzili ushbu yotoqxona boʻlganligi uchun boradigan uy-joyi yoʻq.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, tegishli tashkilotlarga murojaat qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring