Munosib mehnat va odam savdosiga qarshi kurashish sohalaridagi ishlar sarhisob qilindi

13:24 20 Mart 2026 Siyosat
281 0

Joriy yilning 19-mart kuni Oliy Majlis Senatida Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiyaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Yigʻilishda Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiyaning 2025-yildagi faoliyati va erishilgan natijalar muhokama qilindi. Shuningdek, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Andijon, Buxoro, Surxondaryo viloyati hududiy komissiyalari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda mehnat sohasidagi milliy qonunchilikni xalqaro standartlar va zamonaviy talablar asosida yanada takomillashtirish, odam savdosiga qarshi kurashish, mehnat migrantlari huquqlarini taʼminlash borasida salmoqli natijalarga erishilgan.

Hisobot davrida munosib mehnat borasida sohalarni takomillashtirishga qaratilgan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Mehnat kodeksiga, “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi hamda “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli mehnat huquqlarini himoya qilish, tartibli mehnat migratsiyasini qoʻllab-quvvatlash, xususiy bandlik agentliklarining huquq va majburiyatlarni kengaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Davlat mehnat inspektorlari faoliyatining kafolatlari xalqaro standartlar asosida yanada kengaytirildi. Qishloq xoʻjaligi sohasiga ixtisoslashgan davlat mehnat inspektori lavozimlari joriy etildi, inspektorlar soni oshirildi.

Toʻqimachilik tarmogʻida xalqaro standartlarga muvofiq faoliyat yuritayotgan korxonalar soni oshirildi. 6 ta paxta-toʻqimachilik klasteri “BCI” sertifikatiga ega boʻldi, 13 ta korxona “Better Work” dasturiga qoʻshildi.

Mazkur korxonalar xalqaro bozor talablariga mos mahsulotlar ishlab chiqarib, global taʼminot zanjirlarida ishtirok etmoqda. Bu esa mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish hamda jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Alohida taʼkidlanganidek, Xalqaro mehnat konferensiyasining 2025-yilda Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan 113-sessiyasida Oʻzbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish borasidagi yutuqlari eʼtirof etildi.

Yigʻilishda odam savdosiga qarshi kurashishda profilaktika, jinoyatlarni fosh etish va jabrlangan shaxslarni himoya qilishga qaratilgan choralar izchil davom ettirilgani taʼkidlandi.

Xususan, Jinoyat kodeksida odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar uchun jazo choralari xalqaro huquq normalari asosida yanada kuchaytirildi, Odam savdosiga qarshi kurashish konsepsiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Hisobot davrida odam savdosiga qarshi kurashish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi, ushbu tadbirlar profilaktika ishlarini kuchaytirish, odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarni barvaqt aniqlash, ularga huquqiy baho berish, aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortish, jabrlanuvchilarni himoya qilish va qoʻllab-quvvatlashga qaratildi.

Bundan tashqari, migratsiya sohasida tartibli mehnat migratsiyasini kengaytirish maqsadida rivojlangan xorijiy davlatlar bilan hukumatlararo kelishuvlar imzolandi, xorijda ishlash uchun fuqarolarni tayyorlash tizimi yanada kengaytirildi.

Xorijiy davlatlardagi mehnat migrantlarini himoya qilish maqsadida mutasaddi idoralar tomonidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi, ushbu yoʻnalishda jabrlangan yoki qiyin holatga tushib qolgan fuqarolarga konsullik-huquqiy yordam koʻrsatildi, ularni Vatanga qaytarish choralari koʻrildi.

Yigʻilishda munosib mehnat va odam savdosiga qarshi kurashish sohalarida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ham tanqidiy tahlil qilindi.

Milliy komissiyaning 2026-yil uchun ustuvor vazifalari belgilandi. Xalqaro standartlar asosida milliy qonunchilikni takomillashtirish ishlarini tizimli davom ettirish, fermerlar faoliyatining kafolatlarini kuchaytirish, ishlab chiqarish jarayonlariga xalqaro standartlarni keng tatbiq etish, odam savdosiga qarshi kurashishda raqamli platformalar imkoniyatidan samarali foydalanish, profilaktika va xavflarni barvaqt aniqlash, mehnat migrantlari huquqlarini taʼminlash shular jumlasidandir.

Muhokama yakunlari boʻyicha Milliy komissiyaning 2026-yilga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер