Muborakda turk investorlari istiqbolli sanoat loyihalarini amalga oshirmoqda
Foto: “Xalq so‘zi”
Turkiyalik investorlar tomonidan Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida tashkil etilgan "EMG INTER INVESTMENT" MCHJ xorijiy korxonasi shaklidagi agroklasterda umumiy qiymati 20,2 million AQSH dollari miqdoridagi to‘rtta istiqbolli sanoat loyihasi amalga oshirilmoqda.
Investorlar yiliga 25 ming tonna paxta xom ashyosini qayta ishlash quvvatiga ega zavodni ishga tushirishdi va buning samarasi o‘laroq 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Investitsiya loyihasiga ko‘ra, yana 70 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishi kutilgan un va un mahsulotlari ishlab chiqarish tarmog‘i texnik sinovdan o‘tmoqda. Qariyb 1 million AQSH dollariga teng bu loyiha amaliyotga joriy etilsa, yiliga 18 ming tonna xom ashyoni qayta ishlash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Xorijlik investorlarning yana bir loyihasi 10 million AQSH dollari miqdorida bo‘lib, unga ko‘ra yiliga 7 ming tonna to‘qimachilik mahsulotlari, xususan, ip-kalava va tayyor mato ishlab chiqarish mo‘ljallangan. Hozirda qurilish ishlari davom etayotgan bu loyiha doirasida yana 280 ta ish o‘rni yaratiladi.
To‘rtinchi loyiha qiymati 2,9 million AQSH dollariga teng bo‘lib, yiliga 6 ming tonna paxta yog‘i ishlab chiqarish nazarda tutilgan. Bu boradagi qurilish ishlari 80 foizga bajarilib, shu kunlarda xorijdan zarur uskunalar keltirilishi kutilyapti. Tabiiyki, bu ishlar yakunlangach, 70 nafar mahalliy yoshlar bandligi taʼminlanadi.
To‘rtta loyiha to‘liq ro‘yobga chiqarilgach, agroklaster faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Natijada xorijlik investorlarga ajratilgan 9 ming gektar yerda yetishtirilgan paxta qayta ishlanib, ip-kalavaga aylantiriladi, mato to‘qilib, tayyor kiyim-kechaklar tikiladi.
Faxriddin Bozorov, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring