Muazzam shaharda bayram tadbirlari bugundan boshlandi
Foto: Xalq so‘zi
Mana 27 yildirki, 18-oktyabr — Samarqand shahri kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Bu yil ham muazzam shaharda mazkur bayramga oʻzgacha tayyorgarlik koʻrilmoqda. Tadbirlar koʻlami ham keng va rang-barang. Toʻyga – toʻyona, deganlaridek, sana oldidan qator yangi obyektlar foydalanishga topshirilyapti.
Bugun Samarqand shahridagi barcha sport maktablarida havaskor va professional sportchilar oʻrtasida sport musobaqalari boshlandi. Sportning bir necha turlari boʻyicha start berilgan musobaqalar gʻoliblari 18-oktyabr kuni taqdirlanadi.

Bundan tashqari shahar aholisi va mehmonlariga qulaylik yaratish maqsadida “Tabiat saxovati” arzonlashtirilgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari yarmarkasi ham ish boshladi.
Bayram dasturiga koʻra, 15-24-oktyabr kunlari Samarqand shahrining “Qorasuv” maskani, Farhod shaharchasi, Alisher Navoiy hamda “Yoshlik” istirohat bogʻida, “Nurafshon” sanʼat saroyida madaniy tadbirlar, konsertlar dasturlari boʻlib oʻtadi.
Asosiy tadbirlar Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bogʻi va Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi koʻchada boʻlib oʻtadi. Mazkur koʻchada toʻrtta ramziy darvoza oʻrnatilib, gullar va qushlar, Sharq shirinliklari va boshqa bir qator festivallar, yarmarkalar hamda koʻrgazmalar tashkil qilinadi. “Made in Uzbekistan” sanoat yarmarkasida Samarqand shahrida ishlab chiqarilgan mahsulotlar namoyish etiladi.
18-oktyabr kuni Samarqandning oʻziga xos “tashrif qogʻozi” – Registon maydonida tungi chiroqlar shousini oʻtkazish hamda tarixiy obidalar va muzeylarga kirish toʻlovlarsiz amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Universitet xiyobonida shahardagi barcha oliy taʼlim muassasalari hamda milliy madaniy markazlar tomonidan koʻrgazmali va madaniy chiqishlar, konsert dasturlari taqdim etiladi. “Moʻjiza” amfiteatrida oʻtadigan gala-konsert oldidan Samarqand shahri kuniga bagʻishlangan tanlov, musobaqa va koʻrgazmali chiqishlar gʻoliblarini taqdirlash koʻzda tutilgan.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring