Moskvadan Samarqandga uchgan samolyot yoʻlovchisi styuardessalarga uchoq bortida portlovchi modda borligini aytdi. Bu haqda “Xalq soʻzi”ga IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux Gʻiyosov maʼlumot berdi.
Bildirilishicha, joriy yilning 15-iyul kuni soat 03:15 da IIOlariga Domodedovo—Samarqand yoʻnalishidagi aviareys bilan uchib kelgan 46 yoshli fuqaro М.А. (millati rus) mast holatda ushbu bortda xizmat olib borayotgan styuardessalarga, “samolyotda portlovchi modda bor”, deb aytgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan Samarqand viloyati IIB Portlovchi moddalarni zararsizlantirish guruhi xodimlari tomonidan uchoq bortida tekshiruv olib borilgan. Tekshiruvlar natijasida mazkur hech qanday portlovchi, yonuvchi yoki shubhali buyumlar aniqlanmagan.
“Tartibbuzar harakatlarida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik)da nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari borligi sababli, toʻplangan hujjatlar Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudiga yuborilgan”, deydi Shohrux Gʻiyosov.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring