Moskvada yuz bergan portlashda Rossiya Qurolli kuchlari generali halok boʻldi
Arxiv foto
Rossiya Tergov qoʻmitasi Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, general-leytenant Yaroslav Moskalik Moskva viloyatining Balashixa shahrida avtomobil portlashi oqibatida halok boʻlganini tasdiqladi.
“Rossiya Tergov qoʻmitasi Balashixa shahridagi Nesterov koʻchasidagi 2-uy yaqinida «Volkswagen Golf” rusumli avtomashinaning portlashi boʻyicha Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi va 222.1-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar (qotillik, portlovchi moddalarning noqonuniy aylanishi) boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatdi», — deyiladi xabarda.
Tergov qoʻmitasining qoʻshimcha qilishicha, portlash tarkibida shikastlovchi elementlar boʻlgan qoʻlbola portlovchi qurilmaning portlashi natijasida sodir boʻlgan. Tergovchilar voqea joyini tekshirishga kirishgan.
Avtomobil portlashi 25-aprel kuni ertalab sodir boʻlgan. Shu payt general toʻxtab turgan mashina yonidan oʻtib ketayotgan boʻlgan. Portlash toʻlqini harbiyni bir necha metr chetga uloqtirib yuborgan. Yaroslav Moskalik 2021-yilda Rossiya Mudofaa vazirligi Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring