Moskva-Toshkent yoʻlovchi poyezdining maxsus reysi yoʻlga qoʻyildi
Moskva-Toshkent yoʻlovchi poyezdining maxsus reysi yoʻlga qoʻyildi, deya xabar tarqatmoqda “Oʼztemiryoʼlyoʼlovchi” AJ.
Xabarga koʻra, pandemiya davrida Rossiya davlatida qolib ketgan yurtdoshlarimizni mamlakatimizga olib kelish maqsadida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Moskva-Toshkent yoʻlovchi poyezdining maxsus reysi yoʻlga qoʻyildi. Mazkur poyezd joriy yil 28-iyun kuni Moskva Kazanskiy-Toshkent yoʻnalishida harakatini amalga oshiradi. Ushbu poyezd Moskvadan soat 22:28 da joʻnaydi.
Shuningdek, 25-iyun kuni Voljskiy-Toshkent yoʻnalishida ham 1 ta maxsus poyezd qatnovini amalga oshiradi. Bu poyezd Voljskiy vokzalidan soat 20:57 da joʻnaydi.
Mazkur poyezdlarga faqat bir tomonga, yaʼni Moskva-Toshkent hamda Voljskiy-Toshkent yoʻnalishlariga chiptalar sotiladi. Yoʻlovchilarga chipta xarid qilishda qulaylik yaratish maqsadida chiptalarni elektron tarzda sotish yoʻlga qoʻyilgan. Moskvadagi fuqarolarimizning yaqinlari Oʻzbekistonda turib, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nusxasi bilan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati veb-sayti orqali ye-ticket.railway.uz dan chiptalarni elektron tarzda xarid qilib olib, joʻnatishlari ham mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring