“Moderna” kompaniyasi “COVID-19”ning «omikron» shtammiga qarshi vaksina yaratishni oʻz zimmasiga oldi
Arxiv surat
Amerikaning “Moderna” farmatsevtika kompaniyasi koronavirusning yaqinda aniqlangan «omikron» shtammiga bardosh bera oladigan vaksina ishlab chiqmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Manbada aytilishicha, immunitetni saqlab qolish uchun kompaniya rasman tasdiqlangan vaksinalarning kuchaytiruvchi dozalarini qoʻllashni taklif qilmoqda.
Qayd etilishicha, yangi shtamm “delta” variantida mavjud mutatsiyalarni oʻz ichiga oladi. Shu bilan birga, uning mutatsiyalari kombinatsiyasida tabiiy va vaksinalardan kelib chiqadigan immunitetning zaiflashishini tezlashtirishning sezilarli potensial xavfi ham bor.
“Moderna” allaqachon klinik jihatdan ikkita nomzod vaksinani oʻrganmoqda. Birinchi nomzod (mRNK-1273.211) «omikron» variantida mavjud boʻlgan bir nechta mutatsiyalarni oʻz ichiga oladi. Ular koronavirusning “beta” shtammida ham boʻlgan. Ikkinchi nomzod (mRNK-1273.213) «omikron»da mavjud boʻlgan koʻplab mutatsiyalarni oʻz ichiga oladi, deyiladi xabarda.
Aniqlik kiritilishicha, tadqiqot natijalari yaqin haftalarda maʼlum boʻlishi kutilmoqda.
Koronavirusning yangi shtammi — «omikron» dastlab Janubiy Afrika Respublikasida aniqlandi. Keyinchalik ushbu shtamm bilan Botsvana, Gonkong, Belgiya, Isroil, Germaniya va Buyuk Britaniyada ham zararlanish holatlari aniqlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring