Misr savdo va sanoat vaziri bilan muzokaralar olib borildi
Foto: Халқ сўзи
Joriy yilning 3-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Misr Arab Respublikasi savdo va sanoat vaziri Ahmad Solih bilan videokonferensiya tarzida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sanoat sohalarida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilishga bagʻishlangan muzokaralar oʻtkazdi.
Suhbat chogʻida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari, xususan, Port-Said shahrida toʻqimachilik, charm va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha Oʻzbekiston korxonalarini joylashtirish uchun qoʻshma sanoat kooperatsiyasi va distributsiya markazini tashkil etish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi. Misr tomoni loyihalarni oʻz vaqtida samarali amalga oshirishga har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.
Savdo-sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shu nuqtayi nazardan, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan ikki mamlakat oʻrtasida Sanoat kooperatsiyasi va savdoni rivojlantirish dasturini, shuningdek, Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni kelishish va tasdiqlashni tezlashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni faollashtirishga kelishildi.
Suhbat yakunida tomonlar hamkorlikning muhokama qilingan yoʻnalishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga koʻmaklashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari oʻrtasida qoʻshma ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va joriy yil yozida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi doirasida Toshkent shahrida uning birinchi yigʻilishini oʻtkazish masalalari ham kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring