Mirziyoyev uy-joy uchun ipoteka krediti ajratishga doir farmonni imzoladi

19:30 11 Mart 2021 Siyosat
1858 0

“Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi doirasida koʻp kvartirali uy-joylar quriladi.

Farmon bilan 2021-yilda yangi tartib doirasida:

respublika boʻyicha jami 33 114 ta kvartiralar va yakka tartibdagi uy-joylar;

qishloq joylarda 8 336 ta kvartiradan iborat koʻp qavatli arzon uy-joylar;

fuqarolarning alohida toifalari uchun 3 550 ta kvartiradan iborat koʻp qavatli uy-joylar quriladi.

Shuningdek, 2021-yil uchun uy-joylarning hisoblangan qiymati, bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka krediti va dastlabki badalning bir qismi uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiyalarning eng koʻp miqdori tasdiqlandi.

Jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun kreditlarni ajratish tartibi barcha hududlarda joriy etildi (ilgari Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida joriy etilgan.

Bunda:

kreditlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va har bir viloyatda 500 ta, jami 6 500 ta yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) uchun ajratiladi;

kreditlar ipoteka kreditining eng koʻp miqdorlaridan oshmaydigan va dastlabki badali yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) ishlari qiymatining 15 foizidan kam boʻlmagan miqdorda, 6 oylik imtiyozli davr bilan 20 yil (yigirmanchi yilni ham qoʻshgan holda) muddatga ajratiladi;

daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga yakka tartibdagi uy-joylarga ajratilgan ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki 5 yil mobaynida foiz stavkasining 10 foizlik punktdan oshgan qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratiladi;

subsidiyalar qurilgan (rekonstruksiya qilingan) yakka tartibdagi uy-joyning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan oyning keyingi oyidan boshlab toʻlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер