Mirishkor tumanida tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarish hajmi oshib bormoqda

13:32 06 Oktyabr 2023 Jamiyat
504 0

Foto: Xalq so'zi

Yurtimizda amaliyotga tatbiq etilgan klaster tizimi oʻzini har tomonlama oqlamoqda. Buni klaster korxonalari tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan turli loyihalar, yaratilayotgan ish oʻrinlari misolida ham koʻrish mumkin.

Mirishkor tumanida faoliyat yuritayotgan “Samo” tekstil korxonasi ham joriy yil boshida “Mirishkor tekstil group cluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishga tushirilgan edi.

Jamiyatning 2,5 million dollar qiymatidagi oʻz mablagʻlari hisobiga barpo etilgan korxonada tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarilmoqda. Bu faoliyat tufayli hududdagi 400 nafarga yaqin mahalliy aholi doimiy ish bilan band etilgan.

— Maʼlumki, “Samo” brendi ostida mamlakatimizda bir qator tekstil korxonalari faoliyat yuritadi, — deydi korxonaning ishlab chiqarish boʻlimi bosh ustasi Gavharoy Nizomova. — “Mirishkor tekstil group cluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham ulardan biri hisoblanadi. Ushbu korxonalarda tolani dastlabki qayta ishlashdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha jarayonlar qamrab olingan. Bu ishlarni tizimli tashkil etishda qator qulayliklar yaratadi. Oʻzim Andijon viloyatidanman. Avval Andijondagi korxonalarimizda ishlab, tajriba oshirgan edim. Shu bois Mirishkorda ishlarni tashkil etish, chevar xotin-qizlarga zamonaviy tikuv mashinalarida ishlashni oʻrgatishda deyarli qiyinchilikka duch kelmadik. Ular bu ishni juda tez oʻzlashtirishdi.

Ayni paytda korxonada kuniga 7 ming donagacha ayollar va bolalar kiyim-kechaklari ishlab chiqarilmoqda. Korxonada qoʻshimcha quvvatlarni ishga tushishi natijasida faoliyat koʻlami muttasil oshib bormoqda. Eng muhimi, tayyor mahsulotlar Rossiya va Qozogʻistonga eksport qilinyapti.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер