Mini-futbol boʻyicha “Oʻzbekiston Notarial palatasi kubogi” turnirining final bosqichi oʻtkazildi
“Notariuslar sogʻlom turmush tarafdori” shiori ostida Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi kubogi uchun mini-futbol boʻyicha turnir bu yil oltinchi bora oʻtkazildi.
Turnirning hududiy bosqichlari 4 ta — “A”, “B”, “D”, “C” guruhlariga boʻlingan holda oʻtkazilib, hududiy bosqichlarda gʻolib boʻlgan jamoalar – Qashqadaryo, Namangan, Xorazm hamda Fargʻona viloyatlari notariuslari jamoalari finalda bellashdilar.
Qurʼa tashlandi va final oʻyinlarini Xorazm va Fargʻona viloyati jamoalari boshlab berishdi. Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yillarda har ikkala jamoa final oʻyinlari gʻolibi boʻlishgan. Qizgʻin va hujumkorona oʻtgan bahslarda Xorazm viloyatilik notariuslarning omadi keldi. 6:1 hisob bilan Xorazmlik notariuslar finalga yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi.

Final oʻyinlarining ikkinchisida Namangan va Qashqadaryo viloyati jamoalari oʻzaro kuch sinashdilar. 4:0 hisob bilan namanganlik notariuslar final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
Shundan soʻng Qashqadaryo va Fargʻona viloyati notariuslari 3-oʻrin uchun bellashdilar. Ushbu oʻyinni turnirning eng shiddatkor oʻyinlaridan biri desa boʻladi. Oʻyinning qashqadaryoliklarning shiddatli hujumlari ostida oʻtdi. Hisob 6:2 Fargʻona viloyati jamoasi uchinchi oʻrin sohibiga aylandi.
Final oʻyinlarining eng qizigʻi Xorazm va Namangan viloyati notariuslari oʻrtasida boʻlib oʻtdi. Ushbu ikki jamoa ham final oʻyinining ikki taymida yuksak mahorat bilan oʻynadilar. Xorazm viloyati notariuslari raqib darvozasini ikki marotaba ishgʻol qilishga muvaffaq boʻldilar. Uch bora Kubok sohibi Namangan viloyati notariuslari imkoniyatni boy berib, magʻlubiyatga uchradilar. 2:1 hisob bilan Xorazm viloyati notariuslaridan tarkib topgan havaskor futbolchilar yana Kubok sohibiga aylandilar. Gʻoliblarni Oʻzbekiston Notarial palatasi rahbariyati qutladilar.

— Ushbu sport bayramlari notariuslar orasida muntazam oʻtkazib kelinishidan maqsad, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash, notariuslar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, doʻstona munosabatlarni kuchaytirishdan iborat, — dedi taqdirlash marosimida soʻzga chiqqan Notarial palata raisi Dilshod Ashurov.
Gʻoliblarga Notarial palata Kubogi, diplom, medallar va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring