Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Soʻnggi yillarda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri – jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, doʻstlik muhitini va koʻp millatli katta yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirishga yoʻnaltirilgan keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalari turmushga faol tatbiq etilmoqda, bu qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari millatidan qatʼi nazar Oʻzbekiston xalqini tashkil etishini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining hududida yashovchi millat va elatlarning tili, urf-odati va anʼanalariga hurmat bilan munosabatda boʻlishni, ularni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini eʼlon qiladi va kafolatlaydi.
Ushbu maqsadlarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tashkil etilgan boʻlib, u oʻz faoliyatini yuritmoqda hamda jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash boʻyicha davlat siyosatini izchil amalga oshirib kelmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning vakillari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari taqdim etgan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilib, Vatanimizning gullab-yashnashiga va uning mustaqilligini mustahkamlashga, respublikaning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va imijini oshirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqdalar.
Amalga oshirilayotgan ustuvor yoʻnalishlar surʼatini, keng koʻlamli demokratik islohotlarni, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, maʼnaviy jihatdan erkinlashtirish va jamiyat hayotining boshqa jabhalarida erishilgan salmoqli muvaffaqiyatlar tahlili Oʻzbekiston xalqi yagona gʻoya – Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha olijanob maqsadlar va gʻoyat muhim vazifalarga erishishdan iborat yagona maqsad atrofida birlashganligini taʼkidlash uchun barcha asoslarni beradi.
Shu bilan birga, xalqaro va mintaqaviy munosabatlarda davom etayotgan globallashuv va transformatsiya, dunyoda iqtisodiy, siyosiy, milliy, diniy va boshqa ziddiyatlar kuchayib, axborot va kibermakonlarida qarama-qarshi kurash ortib borayotgan bir sharoitda millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida oʻz yechimini taqozo etayotgan bir qator dolzarb masalalar saqlanib qolmoqda, quyidagilar shular jumlasidan:
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat organlari va tashkilotlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlik darajasini yanada oshirish;
jamiyatda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan mojaroli vaziyatlar va ixtiloflarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktika qilish boʻyicha faoliyatni tashkil etish asosi sifatida joylarda millatlararo munosabatlar holatini monitoring qilish tizimi va mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish;
millatlararo muomala madaniyatini tarbiyalash, Oʻzbekiston xalqining tarixi va anʼanalarini oʻrganish boʻyicha taʼlim, axborot va madaniy-maʼrifiy chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat organlari mutaxassislarini, shuningdek, boshqa tashkilotlar xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi ishlarni takomillashtirish.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatini izchil amalga oshirish va yanada takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:
1. Quyidagilar millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida davlat organlari va tashkilotlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish;
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish, respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish sohasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosatini samarali amalga oshirish uchun qoʻshimcha ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish;
jamiyatda koʻp millatli katta oila his-tuygʻusini, respublikamizda yashayotgan turli millat va elat vakillari oʻrtasida doʻstlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, fuqarolarning teng huquqliligini taʼminlash, ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik;
millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, mamlakat hududida va undan tashqarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida xalqaro hamkorlikni va chet mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni rivojlantirish, vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash va xorijdagi oʻzbek diasporalari bilan yaqin hamkorlik qilish, Oʻzbekistonning jahon maydonidagi obroʻ-eʼtibori va imijini oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat va jamiyatni rivojlantirishdagi ustuvor maqsadlarni, ilgʻor xorijiy tajribani eʼtiborga olgan holda millatlararo munosabatlarning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.
2. Quyidagilar:
Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
2019-2021-yillarda Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Qoʻmita) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Qoʻmitaning uning tuzilmasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar, metodika va ekspertiza boʻlimi oʻrniga yuridik shaxs tuzmasdan, shtatdagi xodimlar soni 4 nafardan iborat Millatlararo munosabatlar boʻyicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar tashkil etilayotgan Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
millatlararo munosabatlar sohasida tizimli asosda ilmiy, shu jumladan, ijtimoiy tadqiqotlar, shuningdek, mazkur yoʻnalishdagi jarayonlar rivojining monitoringini olib borish;
millatlararo munosabatlar sohasida ilmiy maqolalar, kitoblar, ilmiy-tadqiqot materiallari, axborot-tahliliy sharhlar tayyorlash va eʼlon qilish;
yetakchi mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida millatlararo munosabatlar sohasida ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, anjumanlar, seminarlar, davra suhbatlari, maʼruzalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish;
millatlararo munosabatlar sohasidagi muammolarni oʻrganish va ularni hal etishda xorijiy tajribani tahlil qilish hamda Oʻzbekiston sharoitida ana shu tajribadan foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
millatlararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda millatchilik oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan mojaroli vaziyatlar va ixtiloflarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktika qilish, shuningdek, mazkur sohadagi xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha takliflar va tavsiyalar tayyorlash.
4. Qoʻmita bir oy muddatda:
boshqaruv xodimlarining Qoʻmita zimmasiga yuklangan vazifalarni professional darajada amalga oshirishga qodir boʻlgan, zarur nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarga ega malakali kadrlar bilan toʻldirilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda davlat organlari xodimlarining, shuningdek, millatlararo munosabatlar sohasida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining (ular roziligi bilan) malakasini oshirish boʻyicha maxsus kurslar tashkil etilishini taʼminlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosarlari zimmasiga:
milliy madaniy markazlarni rivojlantirishga, ular bilan hamkorlikni mustahkamlashga, jamiyatda millatlararo totuvlikni taʼminlashda ularning salohiyatini toʻla-toʻkis amalga oshirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash;
millatlararo totuvlikning holati va uni rivojlantirish tendensiyalari toʻgʻrisida tegishli axborot, axborot-tahliliy hujjatlar, hisobotlar tayyorlash va ularni keyinchalik Qoʻmitaga kiritish vazifalari yuklansin.
6. Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha Komissiya (keyingi oʻrinlarda – Komissiya) tuzilsin va uning tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
jamiyatda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini, ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodlari, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar qonun oldidagi tengligini taʼminlashga qaratilgan millatlararo munosabatlarni takomillashtirish va tartibga solish;
millatlararo munosabatlar sohasida ishlar holatining joylarga chiqib tizimli oʻrganilishini tashkillashtirish, Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishda Qoʻmita, shuningdek, vazirlik va idoralar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, qilingan ishlar toʻgʻrisida ularning rahbarlari hisobotlarini doimiy ravishda eshitish.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
2020-yil 1-yanvarga qadar millatlararo munosabatlar sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar kompleksini;
2020-yil 1-fevralga qadar millatlararo munosabatlar sohasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan mojaroli vaziyatlar va ixtiloflarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktika qilish maqsadida mazkur soha holatini monitoring qilish tizimini tashkil etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.
8. Qoʻmita manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda
bir oy muddatda:
xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirish maqsadida doʻstlik jamiyatlari faoliyati takomillashtirilishini nazarda tutuvchi chora-tadbirlar kompleksini;
milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga hamda millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosatni amalga oshirishda ularning rolini kuchaytirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Qoʻmita:
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-oktyabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga;
vazirlik va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari (bir nusxada) majburiy tarqatiladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining hamda boshqa vazirlik va idoralarning statistika axboroti majburiy tarqatiladigan reyestrga kiritilsin.
10. Quyidagilarga:
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning rahbarlariga – Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi hamda ularning amalga oshirilishi toʻgʻrisida Qoʻmitaga har chorakda axborot taqdim etilishi yuzasidan;
davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari – doʻstlik jamiyatlari raislariga – rahbarlik qilayotgan organlar va tashkilotlarning maʼmuriy binolarida xizmat xonalari doʻstlik jamiyatlariga begʻaraz berilishi, shuningdek, belgilab qoʻyilgan vazifalarning samarali bajarilishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi yuzasidan;
Qoʻmita raisi R.D.Qurbonovga – Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi” amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi yigʻma axborot mazkur yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha aniq takliflar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda taqdim etilishi yuzasidan shaxsan javobgar ekanliklari koʻrsatib oʻtilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ushbu Farmonning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil qilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ–2993-son qaroriga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
13. Qoʻmita manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 15-noyabr
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring