Mikrokreditbank korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha qanday ishlarni amalga oshirilmoqda?
Milliy matbuot markazida “Mikrokreditbankda 2025-yil davomida korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar” yuzasidan bank Axborot xizmati rahbari Sarvar Ochilov ishtirokida navbatdagi brifing tashkil etildi.
Bank Axborot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, brifingda Mikrokreditbank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan maxsus tarkibiy tuzilma faoliyati, bankda korrupsiya illatlarini oldini olish va profilaktika qilishga alohida eʼtibor qaratilayotgani boʻyicha maʼlumotlar berildi.
Xususan, oʻtgan davr mobaynida Mikrokreditbank tizimida korrupsiyani oldini olish maqsadida barcha jarayonlarni raqamlashtirish orqali “Inson omili”ni kamaytirish, ichki reglament va yoʻriqnomalarni qatʼiy joriy etish, xodimlarni rotatsiya qilish, ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani joriy etish, xodimlar uchun odob va axloq kodeksiga rioya qilish choralari koʻrildi.
2025-yil davomida bankda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi takomillashtirildi. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mavjud 16 ta ichki siyosat va tartib-taomillar qayta koʻrib chiqilib, shundan 7 tasi yangi tahrirda ishlab chiqildi.
Bank bosh ofisi va hududiy boshqarmalarida komplayens-nazorat tizimi kuchaytirilib, bankning hududiy boshqarmalarida korrupsiyaga qarshi nazorat boʻyicha yangi shtat birliklari tashkil etildi.
Manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish boʻyicha har yil yakuni boʻyicha va yangi ishga qabul qilinayotgan xodimlar tomonidan deklaratsiya topshirish amaliyoti joriy qilinib, barcha xodimlar tomonidan deklaratsiyalar taqdim etilishi taʼminlandi.
Xavf-xatarlarni baholash boʻyicha hisobot davrida maʼlumotlar “E-Anticor” elektron platformasiga yuklanib, jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini qabul qilish boʻyicha 6 ta aloqa kanallari shu jumladan, “Ishonch telefoni”, maxsus elektron pochta, Telegram kanali, Feysbuk, bankning rasmiy veb-sayti va “Mavrid” mobil ilovasi orqali murojaatlarni qabul qilish imkoniyati yaratildi.
Mazkur aloqa kanallarini aholi orasida keng targʻib etish maqsadida eʼlon taxtachalari, aloqa kanallari boʻyicha maʼlumotlar stendi va bukletlar hamda mijozlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga undovchi muhitni yaratish hamda xodimlarni korrupsiyaga qoʻl urmasligiga undovchi tarqatma materiallar, oʻquv qoʻllanmalar va bukletlar chop etilib mijozlarga qulay joylarga joylashtirildi.
2025-yil davomida ushbu aloqa kanallari orqali kelib tushgan jami 202 ta murojaat oʻrganilib, 7 tasi boʻyicha tegishli taʼsir choralari koʻrildi.
Korrupsiyaning oldini olishda profilaktika muhim ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, bankning Bosh ofisi, hududiy boʻlinmalarining xodimlari ishtirokida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 66-marta seminar treninglar tashkil etilib, xodimlarning sohadagi bilim va koʻnikmalari oshirildi.
Barcha xodimlarning bilim va koʻnikmalarini tahlil qilish maqsadida 2000 nafar xodimlar test sinovlaridan oʻtkazildi.
Bundan tashqari, bankda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini taʼminlash maqsadida bankda har oyning ikkinchi chorshanbasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” deb eʼlon qilindi.
2025-yilning avgust oyida oʻtkazilgan xalqaro kuzatuv auditi natijalariga koʻra, bank faoliyati ijobiy baholanib, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi faoliyati boʻyicha ISO 37001:2016 xalqaro sertifikati qayta tasdiqlandi.
Mikrokreditbanknnig 2025-yildagi korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish boʻyicha ish faoliyati samaradorligi reytingi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “yaxshi” natija bilan baholandi.
Xulosa qilib aytganda, oʻtgan 2025-yil davomida Mikrokreditbank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilgan kompleks va tizimli ishlar natijasida bank faoliyatining shaffofligi, qonuniyligi taʼminlanib, jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga erishildi.
Hamkorlik huquqi asosida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring