MFY xodimi pora bilan qoʻlga tushdi
Illyustrativ foto
“Xalq soʻzi ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Mansab insonga masʼuliyat yuklaydi. Har bir vazifa ortida inson taqdiri mujassam. Buni, ayniqsa, mutasaddi idoralar vakillari unutmasliklari kerak. Afsuski, oramizda zimmasidagi masʼuliyatli vazifaga xiyonat qilib, oʻz vakolatidan foydalanmoq istagidagi gʻaraz niyatli kimsalar ham yoʻq emas.
Ana shundaylardan biri Oltinkoʻl tumanining “Koʻmakay” mahalla fuqarolar yigʻini xodimi (surishtiruv ishlari davom etayotganligi bois ismi sharifi va vazifasi sir tutilmoqda) fuqarodan farzandiga toʻlanadigan 2 yoshgacha boʻlgan nafaqa pulini toʻxtatmaslik uchun pora talab qildi.
Shundoq ham moddiy taʼminotga muhtoj fuqaro endi dardini kimga aytsin? Soʻralgan mablagʻni berishga qurbi yetsa, farzandi uchun nafaqa puliga qarab oʻtirarmidi? Oʻylay-oʻylay, kalavaning uchini topolmagan fuqaro mutasaddi idoraga murojaat qildi.
Olib borilgan tezkor tadbir chogʻida masʼul shaxs fuqarodan 200 ming soʻm miqdoridagi pulni pora sifatida olayotgan paytida tezkor vakillar tomonidan ushlandi.
Mahalla hukumatning eng quyi tizimi boʻlib, korrupsiyaga qarshi kurash aslida aynan mana shu maskandan ildiz otishi kerak. Bunday boʻlmas ekan, oldimizga qoʻygan maqsadlarimiz yoʻlida topganimiz faqat sarob boʻlib qolaveradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring