Mevali daraxtlarni sovuqdan qanday saqlash mumkin?
Shu kunlarda respublikamizga anomal sovuq havo oqimi kirib kelib, turli noqulayliklar tugʻdirmoqda. Ayniqsa, shu hafta oʻrtasida havo haroratining keskin pasayishi kutilyapti. Bunday sharoitda qorasovuqning salbiy taʼsirini kamaytirish va uni yumshatish choralarini koʻrish juda zarur. Bu borada bogʻ va xonadonlarimizdagi mevali daraxtlarni, ayniqsa, oʻtgan kuz faslida qadalgan nihollarni sovuqdan asrashga har birimiz eʼtiborli boʻlishimiz kerak. Buni amalga oshirish uchun esa xalqimiz orasida sinovdan oʻtgan va qoʻllash oson boʻlgan tadbirlar bor. Bunday tadbirlar orasida eng muhimlariga taʼrif berib oʻtamiz.
Bogʻlarni sovuqdan asrashda keng qoʻllaniladigan tadbirlardan biri, bu — tutun hosil qilish. Bunda mahalliy sharoitda keng tarqalgan somon, shox-shabbalardan uyum hosil qilib ularni tutatish daraxt va nihollarni sovuq urishidan saqlaydi. Shuningdek, chorva mollari tezaklaridan foydalanib ham tutun hosil qilish bogʻlarda sovuqning taʼsirini kamaytirishga sezilarli darajada xizmat qiladi.
Yosh daraxtlarni sovuqdan asrash uchun qop kiyidirish amaliyoti ham xalqimiz orasida keng qoʻllaniladi. Bunda qop materialdan boʻlishi tavsiya etiladi.
Sovuqning taʼsirini kamaytirishning yana bir usullaridan biri bogʻ qator oralarini sugʻorish hisoblanadi. Bunda suv harorati havo haroratidan yuqori boʻlganligi uchun ushbu hududdagi havo haroratini yumshatishga xizmat qiladi. Ikkinchi tomondan, hosil boʻlgan suv bugʻlari yerning va daraxtlarning nurlanishini kamaytiradi hamda havo haroratini pasayishiga yoʻl qoʻymaydi.
Quyida respublikamizda keng tarqalgan mevali daraxtlar va ularning sovuqqa chidamliligi boʻyicha ayrim maʼlumotlarni keltirib oʻtamiz.
Shaftoli – sovuqka chidamsiz, bir yillik novdalari -22-26 oS da nobud boʻladi.
Olma - janubiy navlari harorat 32-35oS dan past boʻlganda, baʼzilari esa - 21 oS da nobud boʻladi.
Oʻrik – yogʻochligi yaxshi pishgan boʻlsa, - 30 oS gacha chidaydi.
Gilos - sovuqqa chidamsiz, - 28 oS da sovuq uradi.
Yongʻoq - bir yillik koʻchatlari -25-26 oS da nobud boʻladi.
Anor - harorat 12-15 oS gacha pasayganda bir yillik novdalari, 15-16 oS da shox-shabbalari qattiq zararlanadi,18 – 20 oS da barcha yer ustki qismi nobud boʻladi.
Anjir - harorat 15 oS da bir yillik yangi novdalarini, - 16 oS da koʻp yillik shoxlarini, -18 oS da esa oʻsimlikning ildiz boʻgʻzigacha boʻlgan yer ustki qismini sovuq uradi.
Xurmo - sovuqka chidamligi jihatdan subtropik oʻsimliklardan ustun turadi, shox-shabbasi -18-20 oS da anchagina zararlanadi.
Yuqorida koʻrsatilgan harorat asosan voyaga yetgan daraxtlarga nisbatan olingan. Ushbu mevali daraxtlarning yangi ekilgan koʻchatlari esa yuqorida koʻrsatilgan haroratlarda koʻproq zarar koʻrishini eʼtiborga olish zarur.
Bahrom Xolmirzayev,
Davlat Normurodov,
SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti dotsentlari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring