Mehnat yarmarkasida 185 ta boʻsh ish oʻrni taklif etildi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyati prokuraturasi hamda Rishton tumani hokimligi hamkorligida ishsizlar, mehnat muhojirligidan qaytgan shaxslar bandligini taʼminlash maqsadida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Unda tumandagi 12 ta korxona-tashkilotlar oʻzlarida mavjud boʻlgan 185 ta boʻsh ish oʻrni bilan qatnashdi. Yarmarka davomida 16 nafar tadbir ishtirokchisi ishga joylashtirildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar oʻz-oʻzini ish bilan band qilishi uchun 35 ta oila bekalariga subsidiya asosida tikuv mashinalari berildi.

Shu bilan birga, tadbirkorlikni rivojlantirish, istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari mutaxassislari tomonidan imtiyozli kreditlar haqida tushuntirish ishlari olib borildi. Oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlganlar uchun tayyor biznes-loyihalar taqdim etildi.
Oʻz navbatida, yarmarka doirasida Rishton tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan bepul tibbiy koʻrik oʻtkazilib, zaruriy dori vositalari tarqatildi. Kam taʼminlangan oila aʼzolari kundalik oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlandi.

— Yangicha yondashuv asosida yarmarka ishtirokchilarining tumandagi “Kosto Line Holding” MCHJda yaqinda faoliyat boshlagan kalava-ip ishlab chiqarish sexiga sayohati uyushtirildi, — deydi Rishton tumani kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi boshligʻi Jaloliddin Rahimov. — Tashrif davomida ishtirokchilar korxonadagi zamonaviy uskunalar, ishlab chiqarish jarayoni hamda ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring