Mehnat qilgan elda aziz

17:56 25 Avgust 2021 Jamiyat
2245 0

Muhtaram Prezidentimizning eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz – Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni taqdirlash haqidagi farmonini oʻqib, beixtiyor xalqimizning ana shu iborasi hayolimdan oʻtdi. Oʻzbekiston Qahramoni degan yuksak eʼtirofga sazovor boʻlganlar safida mashhur adabiyotshunos, atoqli adib va tarjimon Ibrohim Gʻafurovning borligi bu dilbar, donishmand insonning bir muxib-muxlisi sifatida koʻksimni togʻdek koʻtarib yubordi. Ibrohim aka katta harflar bilan yozishga arzigulek ziyoli inson, serqirra ijodkor. U kishining “Hayo xaloskor” kitobi doimiy hamrohim, ish stolim ustida turadi. Munojot Yoʻlchiyeva... Qanday ajoyib hofiza! Oʻzbekiston efir toʻlqinlarida Munojatxon qoʻshiqlari yangaramagan kun yoki uning mumtoz ashulalari kirib bormagan biror xonadon bormikan? Zahmatkash, fidokor singlimizga ham “Oʻzbekiston qahramoni” degan yuksak sharaf juda-juda munosib, arziydi! Oʻzbekiston Xalq artisti degan yuksak mukofotga sazovor sanʼatkorlar orasida maqom ansambilining el ardogʻidagi xushxon hofizlari, qoʻshiqlarini jondan suyadiganim, yosh, shijoatli hofizlar Elmurod Ahmedov, Furqatbek Ashraliyevlarning borligi ularning ashulalari kabi yoqimli. Oʻzbek opera sanʼatini jahon sahnalarida yangratib, hammani hayrat-hayajonga solayotgan Jenisbek Piyazovga ham “Xalq artisti” unvoni berilganligi nur ustiga nur.

Mukofotlanganlar orasida matbuotda va yoki televileniyeda hadeb koʻrinavermasada, hormay-tolmay ijod qilayotgan fidoyi yozuvchi va shoirlarning borligi, ular oʻzlarini koʻz-koʻz qilavermasalarda xalqimiz eʼtiborida ekanliklaridan, Prezidentimiz ularni bilishlari, mehnatlarini qadrlashlaridan, Yangi Oʻzbekistonimizda har bir mehnatkash inson yurtboshi nazar-nigohida ekanligidan hayajonga tushdim. Fargʻonaning Oltiariq tumanidagi kichik bir qishloqda el qatori yashab, indamaygina ijod qilib, oʻz qissalari, romanlari bilan el olqishini olayotgan yozuvchi doʻstimiz Alisher Ibodinov, ajoyib kamtarin shoira, publitsist Muhtarama Ulugʻovalarning “Mehnat shuhrati” ordeniga sazovor boʻlgani, sirdaryolik jurnalist Aliqul Xonimqulovning esa “Doʻstlik” ordeni olgani... haq soʻzni aytib charchamaydigan, zukko adabiyotshunos Zuhriddin Isomutdinov va dilbar shoira Zulfiya Moʻminova, qoraqalpogʻistonlik yozuvchi Muratbay Nizanovlarning “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoniga musharraf boʻlganliklari bunga yorqin misol boʻla oladi.

Oʻz umrini xalqqa xizmat qilishga bagʻishlab, hayotda yorqin iz qoldirgan insonlarni, ularning mehnatlarini xalqimiz unutmaydi. Jumaniyoz Jabborov, Oʻlmas Umarbekov, Shukur Xolmirzayev, Omon Muxtor, Shavkat Rahmon, Omon Matjon, Neʼmat Aminov, Muhammad Rahmon singari marhum shoir va adiblar, Mirza Azizov, Dilbar Ikromova, Fatxulla Masudov, Mahmudjon Tojiboyev, Otajon Xudoyshukurov, Husan Sharipov, Dilnura Qodirjonova, Ortiq Otajonov, Kamoliddin Rahimov kabi koʻplab marhum sanʼatkorlarning «Fidkorona xizmatlari uchun», “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlanganliklari ayni xalqimiz koʻnglidagi ish boʻlgan.

Mukofotlangan aziz yurtdoshlarimni, ularning oila aʼzolarini chin qalbimdan tabriklayman! Mehnat qilgan elda aziz boʻlgan shunday yurtda yashayotganimizdan hazor bor shukurlar boʻlsin!

Ortiqali NOMOZOV, mehnat faxriysi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер