Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari taqdirlandi
Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Bugun Nukus shahrida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, bugungi bayram munosabati bilan yigʻilganlarni tabrikladi.

Tantanali tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Prezidiumi qarori bilan samarali ijod qilib kelayotgan bir guruh ommaviy axborot vositalari hamda matbuot xizmati xodimlari “Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” faxriy unvoni, “Oʻatan pidayыsы”, “Үmit ushqыnы” kabi koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi.
— Ragʻbat ijodkorga doim kuch beradi, — deydi “Qoraqalpogʻiston” telekanali Xabar va axborot-tahlil bosh muharririyati boʻlim boshligʻi Baynanazar Davletnazarov. — Telejurnalist sifatida faoliyatimni boshlaganimga 30-yildan oshdi. Hamisha bunday tadbirlarda biron natijaga erishgan kishilarga mikrofon tutib, jarayonlardan reportajlar tayyorlab kelardim. Bugun mukofotlanganlar orasida oʻzim ham “Oʻatan pidayыsы” (Vatan fidoyisi) koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim. Bu butun jamoamizga berilgan katta eʼtibor va ishonch deb bilaman. Ushbu mukofot Qoraqalpogʻistonda boʻlayotgan yangilanishlarni telekanallarda yanada kengroq yoritish, har bir ishimizga ijodiy yondashishga ilhom bagʻishlaydi.

Shuningdek, bayram tadbirida joriy yilda faoliyatining yubiley sanalarini nishonlayotgan gazeta-jurnal tahririyatlariga, televideniye va radio jamoalariga kompyuter, bir guruh soha xodimlariga Faxriy yorliq va sovgʻalar topshirildi.
Tantanali tadbir sanʼat va madaniyat xodimlari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring