Masʼuliyatsizlik oqibati
Uchkoʻprik tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumanimizning Qorayantoq qishlogʻida yashovchi A. Nosirovning murojaati oʻrganildi.
Isteʼmolchi oʻz murojaatida elektr taʼminoti korxonasi tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun 512 600 (besh yuz oʻn ikki ming olti yuz) soʻm qarzdorlik hisoblanayotgani, ushbu qarzdorlikni toʻgʻri yoki notoʻgʻriligiga aniqlik kiritilishida yordam soʻragan.
Murojaatni toʻlaqonli oʻrganib chiqilishini taʼminlash maqsadida oʻrganish ishlariga soha mutaxassislari ham jalb qilindi. Oʻrganuv davomida tuman elektr taʼminoti korxonasi elektr hisob dasturidan A. Nosirovning shaxsiy abonent raqami koʻzdan kechirilganda, isteʼmolchi xonadonidagi eski hisoblagichni 2018-yil 1-mart kunida yangi elektron (kartali) hisoblagichga almashtirilganligi, oʻsha paytda hududni nazoratini olib borgan MIB inspektori esa isteʼmolchi xonadoniga bormay turib, 2018-yil 10-may kunida hisoblagich koʻrsatkichini 1635 tarzida, yaʼni notoʻgʻri koʻrsatkich (obxod) kiritganligi va buning natijasida isteʼmolchi hisobiga 439 000 (toʻrt yuz oʻttiz toʻqqiz ming) soʻm qarzdorlik yuzaga kelganligi maʼlum boʻldi. Notoʻgʻri kiritilgan koʻrsatkich hisobiga 2018-2020-yillar davomida isteʼmolchining qarzdorligi oshib borgan va qarzdorlik uchun hisoblangan ustama qoʻshilib, isteʼmolchining qarzdorligi 2020-yil 10-iyul kunidagi MIB inspektori tomonidan yana bir bor notoʻgʻri kiritilgan 1842 koʻrsatkich (obxod)ga nisbatan 512 600 soʻmni tashkil qilgan. Isteʼmolchi esa bu vaqt davomida hisoblagich kartasiga vaqti-vaqti bilan yuklagan kilovattlarini ishlatib yuravergan.
Yuqoridagilarga asosan A. Nosirov nomidan shaxsiy abonent raqamiga hisoblangan asossiz qarzdorlikni xatlov qilish uchun ariza kiritildi, shuningdek, u eski hisoblagichni yangi elektron hisoblagichga almashtirish jarayonida qolgan 46500 (qirq olti ming besh yuz) soʻm toʻlovni amalga oshirdi.
Har bir soha xodimi oʻz vazifasiga vijdonan va sidqidildan yondashmas ekan yuqoridagi kabi koʻngilsiz holatlar kelib chiqaveradi. Lekin bugungi kunda mamlakatimizda elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi isteʼmolini hisobini yuritish ishlariga raqamli texnologiyalarning keng miqyosda joriy etib borilayotganligi hamda inson omilining taʼsirini tizimli ravishda kamaytirib borilayotganligi yuqoridagi kabi salbiy holatlarni bartaraf etilishida oʻz ijobiy taʼsirini koʻrsatishini ham alohida taʼkidlab oʻtishni joiz, deb bilamiz.
Shu oʻrinda sotuvchi, ishlab chiqaruvchi va xizmat koʻrsatuvchilarga “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 7-moddasi ikkinchi qismidagi qonunchilik normasini yana bir bor eslatib oʻtishni lozim deb hisoblaymiz:
Isteʼmolchining tovar (ish, xizmat) haqidagi notoʻgʻri yoki yetarli darajada toʻliq boʻlmagan maʼlumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi talablari sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida isteʼmolchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi.
Nargizaxon SHERALIYEVA,
Uchkoʻprik tumani IHHQJ matbuot va axborot boʻyicha mutaxassisi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring