Maskning otasi Zelenskiyni korrupsioner va diktator deb atadi
Taniqli muhandis hamda biznesmen Ilon Maskning otasi Errol Mask Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni korrupsioner va diktator deb hisoblashini aytdi. Bu haqda u Ispaniyaning “El Mundo” gazetasiga bergan intervyusida gapirgan.
“Menga [Vladimir Zelenskiy] korrupsioner va diktatordek tuyuladi”, degan Errol Mask.
TASS nashrining yozishicha, Errol Mask iyun oyi boshida “Kelajak forumi — 2050” tadbirida ishtirok etish uchun Moskvaga kelgan. Oʻshanda u shaharni dunyoning eng yaxshi poytaxti sifatida taʼriflagan. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya dunyoning eng yaxshi davlatlaridan biri hisoblanadi.
“Moskva — haqiqiy durdona. Hammasi ozoda va tartibli. Mutlaqo xavfsiz. Bu — ideal shahar. Rus ayollari esa beqiyos. Ular barchasi model boʻlishi mumkin. Serbiyalik ayollar qatorida, ular dunyodagi eng chiroyli ayollardan hisoblanadi”, degan u ispan nashriga bergan intervyusida.
Biznesmenning qoʻshimcha qilishicha, oʻgʻli Ilon unga bu safardan voz kechishni maslahat bergan, biroq u oʻz fikrini oʻzgartirmagan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring