Markaziy Osiyoda aylanma iqtisodiyotni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

21:26 09 Aprel 2026 Siyosat
436 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan Yevropa Ittifoqining “SWITCH-Asia” dasturini amalga oshirish boʻyicha delegatsiyasi hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda biznes yetakchiligi, innovatsiyalar va investitsiyalar orqali aylanma iqtisodiyotni kengaytirish” mavzusida uchinchi mintaqaviy muloqot tashkil etildi.

Tadbirda Senat aʼzolari, Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Yevropa Ittifoqi hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi ekspertlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Muloqot doirasida Markaziy Osiyo mintaqasida aylanma iqtisodiyot tamoyillarini milliy darajada joriy etish boʻyicha hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari aylanma iqtisodiyotni rivojlantirishda uzoq muddatli mintaqaviy ekologik boshqaruvni samarali yoʻlga qoʻyish hamda toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda parlamentlarning roliga alohida eʼtibor qaratdilar.

Shu bilan birga, qonunchilik tashabbuslarini takomillashtirish, davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, ishtirokchilar biznes, investitsiyalar va innovatsiyalar orqali iqtisodiyotni transformatsiya qilish, resurslardan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, hamda chiqindilar hajmini kamaytirishga qaratilgan siyosiy choralar yuzasidan oʻzaro fikr almashdilar.

Muhokama chogʻida senatorlar Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida aylanma iqtisodiyot sohasida parlamentlararo va institutsional hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda qonun chiqaruvchi organlarning masʼuliyatini oshirish muhim ekanini taʼkidladilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilar aylanma iqtisodiyotni amalga oshirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va investitsiyalarni jalb qilish orqali mintaqaviy iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash zarurligini qayd etdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?