Markaziy Osiyo mamlakatlarida konstitutsiyaviy shikoyat instituti modellarining rivojlanish tendensiyalari

00:37 28 May 2023 Jamiyat
571 0

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Yevropa Kengashining Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi) bilan hamkorlikda 2023-yil 25-26-may kunlari Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo mamlakatlarida konstitutsiyaviy shikoyat instituti modellarining rivojlanish tendensiyalari” mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi. 

Xalqaro konferensiya tashkil etilishidan maqsad - Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar, shu jumladan konstitutsiyaviy islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatga toʻliq va xolis maʼlumot yetkazish, Konstitutsiyada ilk bor belgilangan konstitutsiyaviy shikoyat institutini rivojlantirishda xalqaro tajribani oʻrganish, xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy sudlarining amaliyoti bilan tanishish hamda Venetsiya komissiyasi va unga aʼzo mamlakatlar konstitutsiyaviy nazorat organlari bilan hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.  

Xalqaro va mahalliy ekspertlarni qamrab olgan mazkur xalqaro konferensiyada Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova ham ishtirok etdi. U oʻz maʼruzasida Yangi Konstitutsiya “inson-jamiyat-davlat” paradigmasiga asoslanganligi, unda barcha toifalarning huquq va manfaatlari aks etganiga alohida urgʻu berdi. Shuningdek, Yangilangan Konstitutsiyada  Ombudsman tomonidan berilgan takliflarning 90 foizi inobatga olinganini qayd etdi. 

Ombudsman F.Eshmatovaning soʻzlariga koʻra, Ombudsman milliy institutlardan birinchilardan boʻlib Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolangan va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Ombudsman tomonidan fuqarolarning yozma iltimoslariga muvofiq Konstitutsiyaviy sudga 2021-yilda 21 ta, 2022-yilda 4 ta murojaat yoʻllangan. Ushbu murojaatlarning aksariyatida fuqarolar tomonidan huquqiy masalalar yuzasidan sharh berish masalalari soʻralgan.

2017-yilda Ombudsmanga Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi koʻrib chiqishi uchun qonunga muvofiq masalalar kiritish huquqi berilgan.Ushbu huquqdan xam samarali foydalanmoqa.

Shu bilan birga, Ombudsman Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislarida ishtirok etishi mumkin va sud tomonidan koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan oʻz nuqtai nazarini bayon etishga haqli.

Tadbir Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning muhim yoʻnalishlari, konstitutsiyaviy odil sudlov, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida konstitutsiyaviy shikoyat institutining amal qilishi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinlarini himoya qilishda parlament hamda inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning Konstitutsiyaviy sud bilan oʻzaro hamkorligiga oid mavzularga bagʻishlangan.    

Ikki kun davom etgan xalqaro konferensiyada Venetsiya komissiyasi prezidenti va ekspertlari, shuningdek Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston Konstitutsiyaviy sudi raislari, Xalqaro hamkorlik boʻyicha Germaniya jamiyati (GIZ) “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikni qoʻllab-quvvatlash” hududiy dasturi eksperti hamda  milliy ekspertlar hamda jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari ishtirok etishdi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер