Markaziy Osiyo – islom sanʼati oʻchogʻi

15:25 04 Noyabr 2022 Jamiyat
594 0

Foto: Xalq so‘zi

Kuni kecha yurtimizning qator shaharlarini qamrab olgan va uch kun davom etgan “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” yakunlandi.

Haftalik doirasida “Markaziy Osiyo – islom sanʼati oʻchogʻi” nomli xalqaro forumning ikkinchi ish kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boʻlib oʻtdi. Unda qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishda Oʻzbekiston va xorij tajribasi mahalliy hamda xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari tomonidan muhokama qilindi. “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida forum doirasida oʻtgan anjumanda esa nodir manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish, reyestr tuzish va raqamlashtirish masalalari bosh mavzu boʻldi.

— Konferensiya yakuniga koʻra koʻrilgan masalalar va tinglangan maʼruzalar asosida ilmiy qiymatga ega maʼlumotlar hamda toʻplangan mahalliy va xorijiy tajriba, shuningdek, nodir yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar keng jamoatchilikka yetkazildi, — deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev. — Ishtirokchilar maʼruzalarini ilmiy toʻplam tarzida nashr etishga kelishib olindi.

Forumning yakuniy sessiyasi doirasida haftalikning yopilish marosimi oʻtkazildi. Tadbir ishtirokchilari mamnuniyat bilan urgʻu berganidek, bunday xalqaro miqyosidagi tadbirlar samarasi oʻlaroq, bugun Oʻzbekiston islom va ziyorat turizmi reytinglarida yuqori pogʻonaga koʻtarildi, xorijiy musulmon mamlakatlardan kelgan sayyohlar soni ortdi va xalqaro jamiyatda Oʻzbekistonning ijobiy imiji yaxshilandi. Xususan, joriy yilda Singapurda musulmon dunyosi turizm bozorini tiklash va rivojlantirishga bagʻishlangan «Halal in Travel Avards» global sammitida Samarqand shahri “Yilning islom merosi manzili” va “Yilning eng yaxshi rivojlanayotgan musulmon shahri” eʼtirofiga munosib koʻrildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер