Marhum jangchi xoki 79 yildan soʻng mangu qoʻnim topdi

10:36 04 May 2020 Jamiyat
1557 0

1941-1945-yillar davomida hukm surgan Ikkinchi jahon urushi ne bir vatandoshlarimizni oʻz domiga olgan. Kimdir ona yurtiga Gʻalaba nashidasi bilan qaytgan boʻlsa, aksariyat otalarimiz xoki jangohlarda qolib ketdi. Misol uchun, Andijon viloyatidan 97,5 ming kishi qoʻliga qurol olib, yovga qarshi kurashgan. Ularning 54 ming nafari uyga qaytish baxtiga muyassar boʻlgan. 43,5 ming nafar andijonliklarning ayrimlari oʻzga yurt qabristoniga dafn etilgan boʻlsa, koʻplarining xoki nomaʼlum makondalar.

Toʻychiboy Mamadaliyev ham Andijon tumanidan harbiy xizmatga chaqirilgan. Umrining eng sara qismini yovga qarshi kurash janggohlarida oʻtkazdi. Bu orada qanchadan-qancha shaharlarni ozod etishda ishtirok etdi, ne-ne dushmanlarni yer qaqshatdi. Maqsadi ulugʻ boʻldi: Yer yuzida tinchlik gʻalaba qozonib, uyiga, oilasi davrasiga eson-omon qaytib kelish. Afsuski, urush qurbonlarsiz boʻlmaydi. Minglab yaradorlar, shahidlar orasida Toʻychiboy Mamadaliyev ham yuragida asrab yurgan ezgu niyatlari bilan musofir yurtlarda jon berdi. Garchi jasadi Ukrainaning Rovno viloyatidagi Pustoivanne qishlogʻiga dafn etilgan boʻlsa-da, ortda qolgan 79 yil davomida ruhi mangu qoʻnim topmay sarson boʻlgan boʻlsa ajabmas.

Mana, ota-bobolarimiz orzu qilgan tinchlik-omonlik kunlarni boshimizdan kechirmoqdamiz. Tan-sihatlikda, osoyishtalikda ottirayotgan har bir tongimiz uchun urush qatnashchilari oldida qarzdormiz. Ularni xotirlash, nomini abadiylashtirish, qabrini ziyorat qilish har birimizning burchimizdir.

Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan bu borada olib borilayotgan keng koʻlamdagi ishlarning yana biri Toʻychiboy Mamadaliyevning xokini olib kelishdan iborat boʻldi. Andijon tumani Hakan qishlogʻidagi «Rovvot» dafn etish maskaniga qahramon jangchining xoki diniy udumlarimizga mos ravishda dafn etildi. Va nihoyat, 79 yildan soʻng uning ruhi oʻz yurtida mangu qoʻnim topdi.

Dafn marosimida Qurolli Kuchlar askar va zobitlari, Milliy gvardiyachilar, Afgʻon urushi faxriylari, viloyat va tuman hokimligi, mehnat faxriylari, boʻlgʻusi harbiylar hamda aholi vakillari shahid jangchiga hurmat va ehtirom bajo keltirishdi. Mard jangchi qabriga guldastalar qoʻyildi.

-Qani edi, begona yurtlarda jasadi qolib ketgan barcha yurtdoshlarimizning xokini olib kelib, ularni oʻzlari tugʻilib oʻsgan maskanlarda qayta dafn eta olsak,-deydi Mahalla va oila masalalari Andijon viloyat boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Oʻktamjon Axunov.-Bu boradagi izlanishlarimiz natijasida shunga amin boʻldikki, aksariyat yurtdoshlarimizning xoki qay bir elda qoʻnim topganini ham bilmaymiz. Bunday xollarda ularning xotirasida duo qilish eng katta burchimizdir.

Qahramonlar oʻlmaydilar. Ular mangu yashaydilar. Toki, tanamizda jonimiz bor ekan, osmonimizda bulutlar suzib yurar ekan, uylarimiz peshtoqida qaldirgʻochlar in qurgan ekan, bilingki, qahramonlar hamon biz bilan, bizning oramizda! Ularning xoki qaysi yurtda mangulikni makon etganligidan qatʼiy nazar borliqning oʻzi ular uchun mangu maskandir!

Saminjon HUSANOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер